“Bilimlar kuni” munosabati bilan tumandagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida tantanali tadbirlar tashkil etildi.
Mazkur tadbirlarda xalq deputatlari Muzrabot tumani Kengashi raisi, 15-“Baynalminal” saylov okrugidan saylangan Nurmahmatov Sayidali Mahmatqulovich tuman Kengashi kotibiyati bosh mutaxassisi B. Xoliqov bilan birgalikda “At-Termiziy” mahallasidagi 31-sonli maktabda bo‘lib, tadbirda ishtirok etdi. Ular o‘qituvchilar, o‘quvchilar va ularning ota-onalarini yangi o‘quv yili bilan samimiy muborakbod etdilar.
2-sentyabr kuni Respublikamizdagi barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablarida bo‘lgani kabi Muzrabot tumanida ham 2026–2027-o‘quv yilining boshlanishiga bag‘ishlangan “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirlari o‘tkazildi.
Tadbir davomida tuman Kengashi raisi va deputat sifatida o‘quvchilarga Mustaqillik darsi doirasida qisqacha tushunchalar berilib, mamlakatimiz mustaqilligining mazmun-mohiyati, uning xalqimiz hayotidagi ahamiyati hamda yosh avlodning Vatan ravnaqi uchun mas’uliyati haqida so‘z yuritildi.
Shuningdek, tadbirlar davomida ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yosh avlodning bilim olishi uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida to‘xtalib o‘tildi. Yangi o‘quv yiliga yuqori ruh va katta intizom bilan kirib kelish muhimligi ta’kidlandi.
Maktabdagi tadbirlar so‘ngida 1-sinf o‘quvchilariga Prezident sovg‘alari topshirildi.