Tashrif davomida aholi tomonidan yo‘llangan 10 ga yaqin murojaatlar bevosita joyida ko‘rib chiqildi.
Xususan, mahallaning Shaar 1-yo‘lak ko‘chasi hamda unga tutash Mirzo Ulug‘bek, Guliston va X. Abdullayev ko‘chalarida olib borilgan qurilish-ta’mirlash ishlari jarayonida og‘ir yuk avtomashinalarining qatnovi ortib ketgani sababli ko‘chaning taxminan 1 km qismi yaroqsiz, ta’mirtalab holatga kelgani ta’kidlandi.
Shuningdek, mazkur ko‘chada avtomobillar harakatining serqatnovligi hamda yo‘llarda ko‘plab chuqurchalar paydo bo‘lgani sababli, ayniqsa keksalar uchun harakatlanish xavfli bo‘lib qolayotgani bildirildi.
Shu bilan birga, Shaar 1-yo‘lak ko‘chasida 10 dona simyog‘ochlar yaroqsiz holga kelgani va umuman tungi yoritish tizimi mavjud emasligi qayd etildi.
Uchrashuv davomida deputat F. G‘aybullayev tomonidan “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi Qonun mazmun-mohiyati yuzasidan aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borildi.
Ta’kidlanganidek, qonunning 4-moddasiga muvofiq, bandlik — fuqarolarning qonunchilikda taqiqlanmagan, o‘z shaxsiy va ijtimoiy ehtiyojlarini qondirish bilan bog‘liq hamda ularga daromad keltiradigan faoliyatidir.
Fuqarolarga o‘z qobiliyatlaridan foydalanish, ishlab chiqarish va ijodiy mehnat bilan shug‘ullanish, shuningdek qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirish bo‘yicha keng huquqlar berilgani alohida qayd etildi.
Aniqlangan muammolar yuzasidan deputat tomonidan tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqilib, ular deputatlik so‘rovlari orqali nazoratga olindi.