Yangiliklar

DEPUTAT SO‘ROVI YUBORILDI

Xalq deputatlari Marg‘ilon shahar Kengashi deputati M.Abduraxmanova tomonidan Orolbo‘yi mahalla fuqarolar yig‘ini hududida elektr tarmoqlari xavfsizligi masalasi yuzasidan deputat so‘rovi yuborildi.

Deputatning saylov okrugida saylovchilar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar va o‘rganishlari davomida elektr ta’minoti bilan bog‘liq murojaatlar kelib tushgan. O‘rganish natijasida Orolbo‘yi ko‘chasidan o‘tuvchi elektr tarmoqlarining havo liniyalari simlari daraxt shoxlariga tegib turgani aniqlandi. Bu holat elektr ta’minotida nosozliklar, qisqa tutashuv va yong‘in xavfini keltirib chiqarishi hamda aholi hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishi mumkin.

Shu munosabat bilan Marg‘ilon shahar hokimining qurilish, to‘siqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosariga so‘rov yo‘llanib, quyidagilar bo‘yicha asoslantirilgan tushuntirish so‘ralgan:
▪️ elektr tarmoqlarining havo liniyalari simlari bilan daraxt shoxlari o‘rtasida xavfsiz masofani ta’minlash;
▪️ tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda daraxt shoxlarini tartibga keltirish bo‘yicha ko‘rilgan choralar.

Maqsad: aholining xavfsizligini ta’minlash va elektr ta’minotidagi uzilishlarning oldini olish.

Mazkur masala deputatlik nazoratiga olindi.

Slide 1 of 1