Mazkur uchrashuvda "Fuqarolar yig'inlari va ularning raislari saylovi to'g'risida"gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni ijrosi, fuqarolar yig'inlari raislari saylovlarini ochiq-oshkora, adolatli va qonunchilik talablariga muvofiq o'tkazish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Saylov jarayonlarida aholining faolligini oshirish, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari faoliyatidagi ishtirokini kuchaytirish bo'yicha tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, Jizzax viloyati hokimligining 2026-yil 28-yanvardagi 01-12-sonli majlis bayoni bilan tasdiqlangan "Viloyatda ijtimoiy-ma'naviy muhit barqarorligini ta'minlash va diniy vaziyatni yanada sog'lomlashtirish bo'yicha 2026-yilda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar yo'l xaritasi"ning I bo'lim 2-bandida belgilangan "Jaholatga qarshi ma'rifat" shiori ostida amalga oshirilayotgan targ'ibot-tashviqot ishlari yuzasidan keng qamrovli ma'lumotlar berildi.
Deputat tomonidan ushbu yo'nalishda aholining, ayniqsa yoshlarning huquqiy va ma'naviy savodxonligini oshirish, ularni turli zararli oqim va g'oyalardan himoya qilish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash muhim ekanligi alohida ta'kidlandi. Shu bilan birga, hududda ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog'lomlashtirish, fuqarolar o'rtasida totuvlik va hamjihatlikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham so'z yuritildi.
Uchrashuv davomida fuqarolarga amaldagi qonunchilik mazmun-mohiyati, saylov tartib-taomillari, fuqarolar yig'inining vakolatlari va mas'uliyati yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi. Shuningdek, fuqarolar tomonidan bildirilgan savollarga atroflicha javoblar qaytarildi.
Shu bilan birga, deputat tomonidan joriy yilning 1-choragi yakunlari bo'yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berildi. Unda hududda olib borilgan ishlar, ko'rib chiqilgan murojaatlar, ilgari surilgan tashabbuslar hamda ularning natijalari haqida batafsil ma'lumotlar keltirildi.