Xalq deputatlari Ishtixon tuman Kengashi deputatlari N.Kiyamov hamda M.Raximovlar tomonidan tuman markazida joylashgan G‘ofur G‘ulom mahallasida o‘rganish ishlari olib borildi.
Mazkur hudud 2-Nizomiy saylov okrugiga tegishli bo‘lib, hozirgi kunda ushbu okrug deputatligi vakant hisoblanadi. Shu sababli hududda mavjud muammolarni o‘rganish maqsadida deputatlar tomonidan joyiga chiqib o‘rganish tashkil etildi.
O‘rganish jarayonida aholi tomonidan ko‘tarilgan asosiy masalalardan biri Kattaqo‘rg‘on ko‘chasidagi yo‘lning bugungi kundagi qoniqarsiz holati bo‘ldi. Mahalla aholisi ta’kidlashicha, yo‘l ta’mirtalab bo‘lib, ayniqsa yomg‘irli kunlarda katta ko‘lmaklar hosil bo‘lib, piyodalar hamda transport vositalari harakatiga jiddiy noqulayliklar tug‘dirmoqda.
Deputatlar ushbu muammoni joyida o‘rganib, aholi bilan fikr almashdilar. Yo‘lning bunday holati nafaqat harakat xavfsizligiga, balki hududdagi fuqarolarning kundalik turmushiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etildi. Mazkur muammoni bartaraf etish maqsadida tegishli mas’ul tashkilotlarga deputatlik so‘rovi yuborilishi hamda yo‘lni ta’mirlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rilishi bildirildi.
Deputatlar tomonidan mahalla aholisi bilan bunday uchrashuvlar o‘tkazilishi hududdagi muammolarni o‘z vaqtida aniqlash, ularni hal etish yuzasidan amaliy choralar ko‘rish hamda fuqarolarning taklif va murojaatlarini tinglashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ta’kidlash joizki, yangi deputat saylangunga qadar hududdagi mavjud muammolarni o‘rganish va ularni hal etish yuzasidan zarur choralarni ko‘rish maqsadida Xalq deputatlari Ishtixon tuman Kengashi kotibiyat mudiri N.Kiyamov mazkur hududga mas’ul etib belgilangan.