#deputat_axboroti #poytaxtdeputatlari #deputatlik_faoliyati
❗️XALQ DEPUTATLARI TOSHKENT SHAHAR KENGASHI DEPUTATI ZULFIYA MO‘MINOVA 2026-YILNING IKKINCHI CHORAGI BO‘YICHA AXBOROT BERDI
🏛 Yangihayot tumanidagi 285-sonli umumta’lim maktabi yig‘ilishlar zalida Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 42-“Navqiron” saylov okrugi deputati Zulfiya Mo‘minovaning 2026-yil ikkinchi choragi davomida amalga oshirgan ishlari yuzasidan saylovchilar bilan navbatdagi axborot uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
📝 Mazkur yig‘ilishda Yangihayot tumani hokimligi mas’ul xodimlari, mahalla raislari, “mahalla yettiligi” vakillari, ta’lim muassasalari mas’ullari, yoshlar, xotin-qizlar, nuroniylar hamda faol fuqarolar ishtirok etdi.
🔺 Hisobot davrida 42-“Navqiron” saylov okrugiga kiruvchi 9 ta mahallaning har birida saylovchilar bilan uchrashuvlar tashkil etilib, hududlardagi ijtimoiy-maishiy masalalar, aholini qiynayotgan muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar atroflicha o‘rganildi.
📁 Deputat Zulfiya Mo‘minova ikkinchi chorak davomida Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 3 ta sessiyasi hamda 2 ta doimiy komissiya yig‘ilishida faol ishtirok etib, aholi manfaatlari, ijtimoiy masalalar, yoshlar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, hududlarni rivojlantirish hamda fuqarolar murojaatlarini tizimli hal etishga qaratilgan taklif va mulohazalarini bildirib bordi.
🎓 Yoshlar bilan ishlashga ham alohida e’tibor qaratildi. O‘quv yili davomida har payshanba — “Yoshlar kuni” doirasida yoshlar bilan muntazam uchrashuvlar tashkil etildi. Shuningdek, Yangihayot tumanidagi Turizm va tadbirkorlik texnikumida talabalar hamda mahalla aholisi bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, ularning ta’lim, kasb-hunar, bandlik va tadbirkorlikka oid fikr hamda takliflari tinglandi.
🤝 Deputat shahar va tuman Kengashlari faoliyati, shuningdek, Oliy Majlis ishtirokidagi yig‘ilishlarda ham faol qatnashib, hududlarda mavjud muammolarni ko‘tarish va ularga tegishli tashkilotlar bilan birgalikda yechim topishga alohida e’tibor qaratgani qayd etildi.
📨 Aholi murojaatlari bilan ishlash borasida ham muayyan natijalarga erishildi. Hisobot davrida fuqarolardan kelib tushgan 25 ta murojaat o‘z vaqtida ijobiy hal etildi, yana 3 ta murojaat bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda. Shuningdek, o‘z yechimini kutayotgan 1 ta deputatlik so‘rovining ijrosi deputatlik nazoratiga olingan.
💡 Hisobot yig‘ilishida deputatning oila va xotin-qizlar masalalari, oilalarda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish, nizoli holatlarning oldini olish hamda yarashtiruv komissiyalari faoliyatidagi ishtirokiga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu yo‘nalishda fuqarolar bilan individual ishlash, oilaviy muammolarni mahalla va tegishli mutasaddilar bilan hamkorlikda hal etish bo‘yicha olib borilgan ishlar qayd etildi.
📺 Deputatlik faoliyatining ochiqligini ta’minlash va jamoatchilikni amalga oshirilayotgan ishlar bilan muntazam tanishtirib borish maqsadida hisobot davrida Zulfiya Mo‘minova 17 marotaba MTRKining turli tok-shoulari va yuzma-yuz muloqot dasturlarida ishtirok etdi.
📰 Shuningdek, deputat tomonidan 10 marotaba markaziy gazetalarda turli ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy, oila va xotin-qizlar, yoshlar hamda mahallalardagi dolzarb masalalarga bag‘ishlangan chiqishlar qilindi.
💬 Ochiq muloqot davomida mahalla raislari va saylovchilar tomonidan hududlarni yanada rivojlantirish, mavjud muammolarni manzilli hal etish hamda mahallalarda amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligini oshirishga doir taklif va mulohazalar bildirildi. Ko‘tarilgan masalalarni Yangihayot tumani hokimligi va tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘rganib, zarur choralarni ko‘rish belgilab olindi.
🗣 Deputat esa kelgusida ham saylovchilar bilan ochiq muloqotni davom ettirish, aholi murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, o‘z yechimini kutayotgan masalalarni mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda hal etish hamda ularning ijrosi ustidan ta’sirchan deputatlik nazoratini olib borish ustuvor vazifa bo‘lib qolishini ta’kidladi.
📱 Telegram 📱 Instagram 📱 Facebook 📱 YouTube 🔎 E-kengash