Xalq deputatlari G‘ozg‘on shahar Kengashi deputati M. Ergasheva hamda shahar hokimligining mas’ul xodimlari hamkorligida hududlarda aholi farovonligini oshirish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan navbatdagi seminar-trening o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 9-avgustdagi 504-son qarori bilan belgilangan hududlarda “mahallabay” ishlash asosida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, aholining doimiy daromad manbalarini ko‘paytirish va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha vazifalarga alohida e’tibor qaratildi.
Seminar davomida mahallalarda xonadonma-xonadon ishlash, oilalarning mavjud imkoniyat va salohiyatini o‘rganish, fuqarolarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda ularni doimiy daromad manbalariga yo‘naltirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish, bandligini ta’minlash, oilaviy tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.
Asosiy maqsad — har bir mahallada mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanib, oilalarning daromadini oshirish, fuqarolarning mehnat va tadbirkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda kambag‘allikdan barqaror farovonlik sari yo‘l ochishdir.