Samarqand viloyat hokimligida Senatning Fan, ta'lim va sog'liqni saqlash qo‘mitasi raisi Bahrom Abdullayev hamda Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari Zebo Saidova boshchiligida ishchi guruh yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig'ilishda Oliy Majlis Senatining "Oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilari bandligini ta'minlash chora-tadbirlari to'g'risida"gi KQ-220-V sonli Qarori bilan tasdiqlangan viloyat, shahar va tuman ishchi guruhlari ishtirok etishdi.
Yig‘ilishda oliy taʼlim muassasalarining bitiruvchi yoshlarini ish bilan taʼminlash masalasi muhokama qilindi.
Bunda zamonaviy mehnat bozori talablariga javob beradigan mutaxassislarni tayyorlash, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda oliy taʼlim muassasalari va ish beruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish borasida fikr almashildi.
Taʼkidlanganidek, joriy yilda Samarqand viloyatidagi oliy taʼlim muassasalarini 2 899 nafar yosh mutaxassis yakunlaydi. Ularning bandligini taʼminlash esa hududiy ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.
Shu maqsadda amaliyot dasturlarini takomillashtirish, taʼlim jarayonlarini amaliy mashg‘ulotlarga yo‘naltirish hamda biznes hamjamiyati bilan hamkorlikni kengaytirish zarurligi qayd etildi.
Yig‘ilish yakunida masʼul idora va tashkilotlarga bitiruvchilarni ish bilan taʼminlash bo‘yicha aniq amaliy chora-tadbirlarni ko‘rish vazifasi belgilab berildi.