Mazkur o‘rganishlarda shahar Kengashi deputatlari A.Mustafakulov, D.Toshboyeva, B.Raxmatullayev hamda X.Jo‘rayev ishtirok etib, Termiz shahar "Manguzar" mahallasida joylashgan ko‘p kvartirali uylar tutash hududlarida 2026–2027-yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan infratuzilma obyektlarining qurilishi va rekonstruksiya qilinishi bo‘yicha tasdiqlangan manzilli dastur ijrosi bilan tanishdilar.
💬 O‘rganishlar davomida qurilish va obodonlashtirish ishlari sifati, belgilangan loyihalarning o‘z vaqtida bajarilishi, qurilish me’yor va qoidalariga rioya etilishi hamda obyektlarni foydalanishga topshirish muddatlari yuzasidan mas’ullarga tegishli tavsiyalar berildi.
💬 Shuningdek, deputatlar tomonidan ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini yangi bosqichga olib chiqish, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, boshqaruv organlari faoliyati barqarorligini ta’minlash hamda to‘lov intizomini yaxshilash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
💬 Har bir loyiha va tashabbusning amalga oshirilishi deputatlar tomonidan muntazam ravishda joylarga chiqib monitoring qilinadi.
🫥 Asosiy maqsad — ko‘p qavatli uylar hududlarida zamonaviy va qulay infratuzilmani yaratish, aholining yashash sharoitlarini yanada yaxshilashdan iborat.