Xalq deputatlari Nurobod tumani Kengashi deputati Nazira Utayevna Murodovaning 53-ds-374-26-sonli deputat so‘roviga Nurobod tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan javob xati taqdim etildi.
🔷Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda tuman maktabgacha va maktab ta’limi tizimidagi 7 ta umumta’lim maktabida 11 nafar alohida ta’lim ehtiyojiga ega bola inklyuziv ta’lim asosida, 38 ta maktabda esa 108 nafar o‘quvchi uyda yakka tartibda ta’lim olib kelmoqda.
🔷O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida 2024 yil 13 dekabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida 2026 yil 1 apreldan boshlab tuman “Inson” ijtimoiy markazi, tuman tibbiyot birlashmasi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi hamkorligida uyda yakka tartibda ta’lim olayotgan o‘quvchilar xatlovdan o‘tkazildi.
➡️Xatlov ishlari mahalla xodimlari, tibbiyot mutaxassislari va maktab psixologlari ishtirokida xonadonma-xonadon o‘rganish asosida tashkil etildi. O‘rganishlar natijasida:
🔹 31 nafar o‘quvchini inklyuziv ta’limga jalb etish;
🔹 1 nafar bolani maxsus maktab-internatga yo‘naltirish;
🔹 1 nafar bolaga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish;
🔹 72 nafar bolaning uyda yakka tartibda ta’limni davom ettirishi;
🔹 5 nafar bolaning umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ta’lim olishi mumkinligi bo‘yicha xulosalar berildi.
➡️Shuningdek, joriy yilning may oyidan boshlab nogironligi bo‘lgan bolalarni inklyuziv ta’limga yo‘naltirish maqsadida psixologik-tibbiy-pedagogik komissiyaga yuborish ishlari amalga oshirilmoqda. Komissiya xulosasiga ko‘ra, tegishli bolalar umumta’lim maktablarining inklyuziv sinflariga qabul qilinishi rejalashtirilgan.
➡️Hozirgi vaqtda tumandagi 2-, 10-, 11-, 30-, 42-, 54-, 61- va 67-umumta’lim maktablarida inklyuziv ta’lim tashkil etilgan bo‘lib, mazkur muassasalarda 11 nafar o‘quvchi, shuningdek 4-DMTTda
2 nafar tarbiyalanuvchi inklyuziv ta’lim yo‘nalishida tahsil olmoqda.
Bundan tashqari, 2-, 10-, 11-, 30-, 42- va 61-maktablarda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun “To‘siqsiz muhit” yaratish bo‘yicha zarur ishlar amalga oshirilgan. Inklyuziv ta’limga jalb qilingan bolalar bilan maxsus pedagoglar tomonidan korreksion mashg‘ulotlar muntazam olib borilmoqda.
🔷 Deputat so‘rovi doirasida olib borilgan mazkur ishlar alohida ta’lim ehtiyojiga ega bolalarning sifatli ta’lim olish huquqini ta’minlash, ularni jamiyat hayotiga faol integratsiya qilish hamda inklyuziv ta’lim imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda.