Jondor tumanida ta’lim muassasalarida shaffoflik va samaradorlikka alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Xalq deputatlari Jondor tumani Kengashining Korrupsiyaga qarshi kurashish va xavfsizlik masalalari bo‘yicha hamda Ijtimoiy soha, yoshlar siyosati, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha doimiy komissiyalari hamkorligida tumandagi 46-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘rganish ishlari olib borildi.
✔️O‘rganish jarayonida deputatlar va komissiya a’zolari tomonidan ta’lim muassasasida yaratilgan shart-sharoitlar, sinf xonalarining jihozlanishi, o‘quv jarayonining tashkil etilishi hamda o‘quvchilar uchun yaratilgan qulayliklar atroflicha ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, maktabda korrupsiyaviy holatlarning oldini olish, shaffoflikni ta’minlash, moliyaviy va ma’muriy jarayonlarni ochiq-oshkora tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi ham tahlil qilindi.
✔️Tashrif davomida maktab rahbariyati bilan muloqot o‘tkazilib, mavjud muammolar, ularning yechimlari va kelgusida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalar yuzasidan fikr almashildi. Deputatlar tomonidan ta’lim sifati va muassasadagi tartib-intizomni yanada yaxshilash, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
Shu bilan birga, komissiyalar hamkorligida olib borilayotgan bunday o‘rganishlar ta’lim tizimida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, yosh avlodga sifatli ta’lim berish hamda sohadagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
✔️Mazkur o‘rganish ishlari kelgusida ham izchil davom ettirilib, ta’lim muassasalari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratiladi.