Ushbu Qonunning maqsadi korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida shaffoflikni ta’minlash hamda qonun ustuvorligini mustahkamlashdan iboratdir.
💬 Qonunda “Korrupsiya”, “Manfaatlar to‘qnashuvi” kabi asosiy tushunchalar belgilab berilgan bo‘lib, korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy prinsiplari sifatida qonuniylik, ochiqlik, shaffoflik, tizimlilik va javobgarlikning muqarrarligi ko‘rsatib o‘tilgan.
💬 Shuningdek, hujjatda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, vakolatli davlat organlarining vazifalari, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalarining ishtiroki aniq belgilangan.
💬 Qonun davlat boshqaruvi, iqtisodiyot, tadbirkorlik va ijtimoiy sohalarda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan tizimli choralarni ham nazarda tutadi. Jumladan, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, davlat xaridlarida ochiqlikni ta’minlash, normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish kabi muhim mexanizmlar joriy etilgan.
💬Xulosa qilib aytganda, ushbu Qonun jamiyatda adolat, halollik va shaffoflik tamoyillarini mustahkamlashga, shuningdek, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga xizmat qiladi.