Avval xabar berganimizdek, Yo‘rmado‘z mahallasidagi bolalar maydonchasi holatini o‘rganish jarayonida hududda suv tarmog‘i tortilgani, biroq qurilish ishlari yakuniga yetkazilmagani aniqlanib, masala deputatlik nazoratiga olingan edi.
Bugun Xalq deputatlari Marg‘ilon shahar Kengashi kotibiyati mudiri A.Ermatov 4-Yo‘rmado‘z saylov okrugi vakant bo‘lganligi sababli mazkur hududga yana bir bor chiqib, avval aniqlangan muammoning bartaraf etilishi va amalga oshirilayotgan ishlar holatini joyiga chiqib o‘rgandi.
O‘rganishda Marg‘ilon shahar Xalq qabulxonasi bo‘limi boshlig‘i ham ishtirok etdi.
Joyiga chiqib o‘rganish davomida bolalar maydonchasi hududida ishlar boshlanganligi, yer maydoni tekislanib, asfalt yotqizishga tayyorlanayotganligi ma’lum bo‘ldi. Bu esa avval aniqlangan kamchilikni bartaraf etish va hududni obodonlashtirish borasida amaliy qadamlar tashlanayotganini ko‘rsatadi.
Mazkur jarayonda ishlarning sifatli bajarilishi, belgilangan vazifalarning oxiriga yetkazilishi hamda bolalar uchun xavfsiz va qulay muhit yaratilishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Deputatlik nazorati — muammoni aniqlash bilan cheklanib qolmasdan, uning amaliy yechimini izchil kuzatib borish va natijaga erishishga qaratilgan faoliyatdir. Shu bois Yo‘rmado‘z mahallasidagi bolalar maydonchasida olib borilayotgan ishlarning yakuniga yetkazilishi ham e’tiborda bo‘ladi.