Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifi, xususan, “Kegeyli baraka naslli parranda” korxonasi faoliyati bilan tanishuvi biz, xalq vakillari, qolaversa, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi faollari uchun g‘oyat ahamiyatli va quvonchli voqea bo‘ldi.
“Adolat” SDPning asosiy maqsadlaridan biri – aholi bandligini ta’minlash, munosib va yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratish, shuningdek, yurtimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash orqali xalqimizning ijtimoiy farovonligini yuksaltirishdir. Kegeyli tumanida ishga tushirilgan mazkur yirik majmua faoliyati partiyamizning ana shu ustuvor g‘oyalariga to‘la hamohangdir.
Birinchidan, loyihaning ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyati beqiyos. Umumiy qiymati 7,8 million dollar bo‘lgan va 21 gektar maydonni egallagan ushbu korxona ishga tushishi natijasida 70 nafar mahalliy aholi doimiy ish oʻrniga ega boʻlgani bu hududda shuncha xonadonga qut-baraka kirdi, deganidir. Korxonaning tuman budjetiga 4,8 milliard soʻm tushum keltirayotgani esa mahalliy infratuzilmani rivojlantirishga qo‘shilgan ulkan hissadir.
Ikkinchidan, hududning oziq-ovqat mustaqilligi ta'minlanmoqda. Ilgari Qoraqalpogʻistonga tovuq va tuxum mahsulotlari mamlakatimizning boshqa hududlaridan keltirilgan bo‘lsa, endilikda bu ehtiyoj o‘zimizda qondirilmoqda. Yiliga 27,5 million dona inkubatsion tuxum yetishtirilishi va majmuaning o‘zida sutkasiga 100 tonna yem ishlab chiqarish quvvatiga ega zavod qurilgani jarayonlarning to‘liq va uzluksiz zanjirini yaratgan. Bu sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan xalqimiz dasturxonini boyitish kafolatidir.
Uchinchidan, eksport salohiyati va kelajakdagi istiqbollar. Korxona qisqa fursatda nafaqat ichki bozorni ta'minlab, balki Afgʻonistonga 1,1 million dollarlik mahsulot eksport qilishga ulgurgani tahsinga sazovor. Yil yakuniga qadar yana 8,5 gektar maydonda qiymati 5 million dollarlik yangi fabrikaning ishga tushirilishi va yangi ish o‘rinlari yaratilishi hudud iqtisodiyoti uchun qo‘shimcha drayver bo‘ladi.
Prezidentimizning bunday majmualar kelgusida yirik parrandachilik xoldinglariga aylanib, yuqori maoshli ish o‘rinlarini yaratishi kerakligi haqidagi ko‘rsatmalari biz, mahalliy Kengash deputatlari zimmasiga ham katta mas'uliyat yuklaydi. Qo‘shni Kegeyli tumanidagi bunday ijobiy va yuksak natijali tajribani Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashidagi faoliyatimiz davomida o‘rganishimiz, o‘z hududimizda ham shunday innovatsion va eksportbop loyihalarni ko‘paytirish bo‘yicha tadbirkorlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashimiz zarur.
Biz, “Adolat” SDP deputatlari, yurtimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, aholini ish bilan qamrab olish va iqtisodiyotni barqaror rivojlantirishga qaratilgan bu kabi ezgu islohotlarni har doim qo‘llab-quvvatlaymiz hamda ularning ijrosini ta'minlashda xalq xizmatida bo‘lishdan charchamaymiz.
Muzaffar YESHCHANOV,
“Adolat” SDP dan saylangan Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashi deputati