Termiz shahridagi Xalq qabulxonasi mudiri o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Zafar Hasanovning axborotida keltirilishicha, 2026-yilning 1-oktabr holatiga 795 ta takroriy murojaat kelib tushgan. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 166 taga yoki 26,4 foizga ko‘p.
Takroriy murojaatlarning asosiy yo‘nalishlari orasida aliment undirish bo‘yicha 66 ta, elektr ta’minotidagi uzilishlar bo‘yicha 30 ta, ish bilan ta’minlash bo‘yicha 23 ta hamda bolalar nafaqasi masalasida 22 ta murojaat qayd etilgan.
Shuningdek, elektr ta’minotidagi uzilishlar yuzasidan jami 222 ta murojaat kelib tushgani, bu o‘tgan yilga nisbatan 68 taga ko‘p ekani ta’kidlandi. Bolalar nafaqasi masalasidagi murojaatlar 350 tani, bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha murojaatlar esa 211 tani tashkil etgan.
Mazkur ko‘rsatkichlar muammolarni faqat murojaatga javob berish bilan cheklamasdan, ularning kelib chiqish sabablarini o‘rganish, tegishli choralarni ko‘rish va natijadorlikni nazorat qilish muhimligini ko‘rsatmoqda.
Sessiyada mas’ul tashkilotlar tomonidan murojaatlarni o‘z vaqtida va samarali ko‘rib chiqish, fuqarolarning bir masala yuzasidan qayta-qayta murojaat qilishiga sabab bo‘layotgan holatlarni bartaraf etish masalalari ko‘rib chiqilmoqda.