Yangiliklar

So‘ngi yangiliklar

YO‘L HARAKATI XAVFSIZLIGI, HUQUQBUZARLIKLAR PROFILAKTIKASI VA FAVQULODDA VAZIYATLAR MONITORINGI MASALALARI MUHOKAMA QILINDI

#poytaxtdeputatlari #deputatlik_faoliyati

❗️YO‘L HARAKATI XAVFSIZLIGI, HUQUQBUZARLIKLAR PROFILAKTIKASI VA FAVQULODDA VAZIYATLAR MONITORINGI MASALALARI MUHOKAMA QILINDI

🏛 Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida yo‘l harakati xavfsizligini yanada takomillashtirish, huquqbuzarliklar profilaktikasi inspektorlarining xizmatini munosib e’tirof etish hamda favqulodda vaziyatlar monitoringi holatiga oid masalalar muhokama qilindi. Mazkur majlisda Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zosi, Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi raisi Rustamxon Kalanov ham ishtirok etdi.

🔺 Majlisda “Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi. Muhokamalar davomida yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, yo‘l harakati ishtirokchilarining mas’uliyatini oshirish, qoidabuzarliklar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlash hamda inson hayoti va salomatligini ishonchli muhofaza qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

📋 Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan huquqbuzarliklar profilaktikasi inspektori” faxriy unvonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi. Mazkur tashabbus mahallalarda osoyishta va xavfsiz muhitni ta’minlash, huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olish yo‘lida fidokorona xizmat qilayotgan profilaktika inspektorlarining mehnatini munosib e’tirof etish, kasb nufuzini oshirish va xodimlarni rag‘batlantirishda muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

⚠️ Majlisning navbatdagi masalasi tabiiy, texnogen va ekologik xususiyatdagi favqulodda vaziyatlar monitoringi holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalariga bag‘ishlandi. So‘zga chiqqanlar xavfli jarayonlarni barvaqt aniqlash va ilmiy asosda prognoz qilish, tegishli idoralar o‘rtasidagi axborot almashinuvini kuchaytirish, zamonaviy monitoring vositalaridan samarali foydalanish hamda aholini favqulodda vaziyatlardan o‘z vaqtida ogohlantirish tizimini takomillashtirish zarurligini qayd etdilar.

♻️ Muhokamalar yakunida inson hayoti va salomatligini muhofaza qilish, jamoat xavfsizligini mustahkamlash, yo‘l-transport hodisalari hamda favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralar faoliyati samaradorligini oshirish muhimligi ta’kidlandi.

✅ Majlis yakunida ko‘rib chiqilgan qonunlar va parlament so‘rovi natijalari yuzasidan Senat qo‘mitasining tegishli qarorlari qabul qilindi.

📱 Telegram 📱 Instagram 📱 Facebook 📱 YouTube 🔎 E-kengash

Slide 1 of 10