Xalq deputatlari Parkent tuman Kengashining 12-«O‘choq» saylov okrugidan saylangan deputati Xikmatova Marhabo Sulxonberdi qizi tomonidan deputatlik vakolati doirasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish maqsadida Parkent tuman Davlat xizmatlari markazi faoliyati o‘rganildi.O‘rganish davomida markazda fuqarolarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayoni, xizmatlardan foydalanish uchun yaratilgan sharoitlar hamda xizmat ko‘rsatish sifatiga alohida e’tibor qaratildi.Shuningdek, davlat xizmatlari sohasida joriy etilayotgan zamonaviy yondashuvlar, raqamlashtirish jarayonlari va aholi uchun yaratilayotgan qulayliklar yuzasidan mas’ullardan ma’lumotlar olindi.Ma’lum qilinishicha, markazda 5 nafar xodim tomonidan aholiga raqamlashtirilgan tizim asosida davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda. Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish xizmati esa “15 daqiqada” tamoyili asosida tashkil etilgan bo‘lib, bu fuqarolar va tadbirkorlarning vaqtini tejash, xizmatlardan foydalanish jarayonini soddalashtirish hamda ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olishga xizmat qilmoqda.Shuningdek, 2026-yildan boshlab haydovchilik guvohnomasini olish hamda intellektual mulk obyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha xizmatlarning yo‘lga qo‘yilgani ham qayd etildi.O‘rganish jarayonida markazda fuqarolar uchun yaratilgan sharoitlar ham ko‘zdan kechirildi. Jumladan, zamonaviy talablarga mos kutish zallari hamda ona va bolalar uchun alohida xonalar tashkil etilgani bilan tanishildi.Deputat tomonidan davlat xizmatlarini ko‘rsatish samaradorligini yanada oshirish va aholiga qulayliklarni kengaytirish yuzasidan takliflar bildirildi. Xususan, olis va chekka hududlarda sayyor davlat xizmatlarini yo‘lga qo‘yish, yoshlar orasida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan foydalanishni keng targ‘ib qilish, bu borada “mahalla yettiligi” bilan hamkorlikni kuchaytirish hamda fuqarolarning elektron davlat xizmatlaridan foydalanish ko‘nikmalarini oshirish zarurligi ta’kidlandi.Mazkur o‘rganish orqali davlat xizmatlarining aholiga qulay, tezkor va sifatli ko‘rsatilishini ta’minlash, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda xizmat ko‘rsatish jarayonlarini yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflar ilgari surildi.