Ikkinchi jahon urushida qatnashganlar va qurbon bo`lganlar xotirasiga yodgorlik o`rnatildi
Ikkinchi jahon urushida jasorat ko`rsatgan va o`sha mashaqqatli davrda front ortida og`ir mehnati bilan metin matonatini ko`rsatgan, bugungi kunda hayot bo`lgan ota-bobolarimiz bilan suhbatlashsangiz bir haqiqatni bot-bot takrorlaydilar.
Urushni biz ko`rdik sizlar ko`rmang, deyishadi. Yurtimizdagi tinchlikni asrab avaylang, deb aytishadi.
Xalqimizning ikkinchi jahon urushida va front ortida ko`rsatgan qahromonligi shu qadar yuksakki, buni so`z bilan izohlash qiyin. Biz bu qahramonliklarni qancha aytsak, qancha yozsak va ularga qancha hurmat-ehtirom ko`rsatsak ham kam.
"Erganakli" mahallasidan ham ikkinchi jahon urushiga 39 nafar yigitlar ketib, 24 nafari qaytib kelishmagan yoki shahid ketishgan. Mahalladan urushga ketib, qaytib kelgan va qaytib kelmagan bobolarimizning xotirasini abadiylashtirish maqsadida xalq deputatlari Bulung`ur tuman Kengashi deputati, "Bulung`ur hayoti" gazetasi muharriri G`ulom O`rolov homiyligida yodgorlik o`rnatildi.
Yodgorlikdan ko`zlangan asosiy maqsad "Erganakli" mahallasidan urushga ketgan va ikkinchi jahon urushi davrida qonli jangohlarda ko`rsatgan qahramonligini sharaflash, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashdan
iborat. Qolaversa, bu yodgorlik urush asoratlarini hech qachon unutmaslikka mangu chorlov bo`lib xizmat qiladi.
Xalq deputatlari Bulung‘ur tuman Kengashi