Qozog‘istonning Ostona shahrida o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo – Italiya” formatidagi
ilk sammit Markaziy Osiyo davlatlari va Yevropa Ittifoqining yetakchi a’zosi
bo‘lgan Italiya o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim
siyosiy va iqtisodiy ahamiyat kasb etadi.
Sammitdagi muloqotlarda texnologik, "yashil" iqtisodiyot, ta’lim,
madaniyat va xavfsizlik sohalaridagi ko‘p tomonlama hamkorlik imkoniyatlari
muhokama qilindi.
Davlatimiz Rahbarining sammitdagi nutqida Italiya bilan o‘zaro tovar ayirboshlash
hajmi so‘nggi yillarda uch barobarga oshgani ta’kidlandi. Shu bilan birga
“Markaziy Osiyo – Italiya” ishbilarmonlar klubini tashkil etish taklif etildi.
Bunday platforma nafaqat iqtisodiy aloqalarni kuchaytiradi, balki
mintaqaviy biznes ekotizimini ham yangilashga xizmat qiladi.
Shuningdek, Italiyaning bir qator moliyaviy institutlar bilan hamkorlikda qo‘shma
investisiya fondlarini rivojlantirish kabi tashabbuslar aniq amaliy natijalarga
qaratilgan.
Bugungi global iqtisodiyot
“yashil” energetika va barqaror rivojlanish g‘oyalariga bog‘liq bo‘lib
qolmoqda. Shu nuqtai nazardan, uglerod chiqindilarini kamaytirish, qayta
tiklanuvchi energiya va vodorod texnologiyalari bo‘yicha hamkorlikni
kuchaytirish taklifi ilgari surildi. Italiya bu sohadagi tajribasi bilan
mashhur, va bu hamkorlik biz uchun katta imkoniyatdir.
Prezidentimiz tomonidan Ta’lim va ilm-fan sohasida ham muhim takliflar
bildirildi.
Turin va Piza universitetlari filiallarining samarali faoliyati, mintaqadagi
ilm-fan taraqqiyotida Italiyaning qo‘shgan hissasini ko‘rsatadi.
Endilikda, “Markaziy Osiyo – Italiya” ilmiy-ta’lim konsorsiumini tuzish orqali
akademik almashinuv, dizayn, biotexnologiya va muhandislik kabi sohalarda
hamkorlikni kengaytirish rejalashtirilmoqda.
Shu bilan birga, turizm,
madaniy almashinuv va kreativ iqtisodiyotni rivojlantirishda ham muhim
tashabbuslar ilgari surildi. Xususan, Xiva shahrida yoshlar uchun kreativ
iqtisodiyot forumini o‘tkazish taklifi tarix va zamonaviylikni
uyg‘unlashtiruvchi g‘oya sifatida e’tirof etildi.
Bir so‘z bilan aytganda, “Markaziy Osiyo – Italiya” formati nafaqat diplomatik
muloqot balki, amaliy hamkorlik, o‘zaro ishonch va yaqinlashuv uchun yangi
ko‘prik vazifasini o‘tamoqda.
O‘zbekistonning ushbu
sammitdagi faol ishtiroki, uning xalqaro maydondagi nufuzi va tashabbuskorlik
pozisiyasini yana bir bor namoyon qildi. Bu esa mintaqa davlatlari uchun
nafaqat iqtisodiy manfaat, balki innovasion rivojlanish, inson kapitali va
madaniy yangilanishning ham mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qiladi.
Raxmatillo Begmatov, Muborak tumani Sport maktabi direktori, Xalq
deputatlari tuman Kengashi deputati.