“Markaziy Osiyo – Italiya” sammiti: Barqaror taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik
Joriy yilda o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo – Italiya” sammiti mintaqamiz va Yevropa Ittifoqining yetakchi davlatlaridan biri hisoblangan Italiya Respublikasi o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim siyosiy voqelik bo‘ldi.
Sammit doirasida ekologik barqarorlik, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, qishloq xo‘jaligi va sanoat sohalaridagi raqamlashtirish jarayonlari, shuningdek, transport va logistika sohalarida hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi. Bu kabi yo‘nalishlar, ayniqsa, “yashil” taraqqiyotni ta’minlash va barqaror iqtisodiy o‘sishga erishish nuqtai nazaridan ustuvor ahamiyatga ega.
Ushbu sammitning tashkil etilishi va unda ko‘tarilgan masalalar, jumladan, strategik sheriklikni mustahkamlash, o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va umumiy manfaatlarga xizmat qiladigan yirik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha erishilgan kelishuvlar mintaqa kelajagi uchun muhim poydevor vazifasini o‘taydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahnamoligida amalga oshirilayotgan tashqi siyosat, ayniqsa, qo‘shni davlatlar va Yevropa mamlakatlari bilan ochiq va amaliy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan. Mazkur sammit bu yo‘nalishdagi ishonchli qadamlardan biri bo‘lib, uning natijalari nafaqat ikki tomonlama, balki mintaqaviy hamkorlikni ham mustahkamlashga xizmat qiladi.
Deputat sifatida ta’kidlaymanki, mazkur sammit doirasida ko‘tarilgan tashabbuslarning qonunchilik bazasini mustahkamlash, ularni amaliyotga joriy etish va ushbu sheriklik doirasida yangi imkoniyatlarni ro‘yobga chiqarish yo‘lida barcha sa’y-harakatlarimiz bilan faol ishtirok etishga tayyormiz.