Xalq deputatlari Marg‘ilon shahar Kengashi doimiy komissiya raislari ishtirokida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati N.Tilavoldiyev bilan uchrashuv tashkil etildi. Unda Xalq deputatlari Marg‘ilon shahar Kengashi raisi O.Axmatshayev, Kengash kotibiyati mudiri A.Ermatov, doimiy komissiya raislari hamda deputatlar qatnashdilar.
Uchrashuv davomida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan yangi qabul qilingan qonunlarning mazmun-mohiyati yuzasidan fikr almashildi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida”gi O‘RQ–1149-son Qonuni hamda 2026-yil 11-iyunda qabul qilingan “Giyohvandlik vositalari va narkotiklarning noqonuniy aylanmasiga qarshi jazo choralarini kuchaytirish to‘g‘risida”gi O‘RQ–1151-son Qonunining asosiy maqsad va vazifalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, mazkur qonunlar fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, hududlarni kompleks rivojlantirish, shaharsozlik jarayonlarini tartibga solish, shuningdek, jamiyatda giyohvandlik bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning oldini olish va unga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Uchrashuvda ushbu qonunlarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, aholi o‘rtasida huquqiy targ‘ibot ishlarini kuchaytirish hamda mahallalar, ta’lim muassasalari va mehnat jamoalarida targ‘ibot tadbirlarini tizimli tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida deputatlar va doimiy komissiya raislari tomonidan qonunlarning amaliy ijrosini ta’minlash hamda aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish borasidagi vazifalar yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi.