Oʻrganishda kasallik ta’tilida bo‘lgan deputat R.Alijonovaning saylov okrugidagi muhim masalalardan biri aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Xususan, Xalq deputatlari Marg‘ilon shahar Kengashining 2026-yil 8-iyundagi VII-27-42-11-168-K/26-sonli “Marg‘ilon shahar “Infratuzilma va ijtimoiy barqarorlik” jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanish to‘g‘risida”gi qarori asosida Yangibog‘ MFYdagi Usta Olim ko‘chasiga 300 metr uzunlikdagi ichimlik suvi tarmog‘ini tortish ishlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Mahalla raisi bilan o‘tkazilgan uchrashuvda mazkur loyiha hudud aholisining uzoq yillardan buyon yechimini kutayotgan ehtiyojlaridan biri ekanligi ta’kidlandi. Yangi ichimlik suvi tarmog‘ining barpo etilishi natijasida ko‘cha aholisining markazlashgan suv ta’minotidan foydalanish imkoniyatlari kengayishi, turmush sharoiti yanada yaxshilanishi kutilmoqda.
Muloqot davomida qurilish-montaj ishlarini sifatli va belgilangan muddatlarda amalga oshirish, mavjud muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish hamda loyihaning samarali ijrosini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, aholi manfaatlariga daxldor infratuzilma loyihalarini izchil davom ettirish va ularning ijrosini deputatlik nazorati asosida kuzatib borish yuzasidan kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.