NAMANGANDA 10 MINGDAN ORTIQ TURDAGI MAHSULOTLAR JAMLANGAN YANGI SAVDO MARKAZI ISH BOSHLADI
Namangan shahrining “Sharq tongi” mahallasi hududida “Cang Tuo” MChJ tomonidan tashkil etilgan “Juda yaxshi” nomli yangi savdo markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda Xalq deputatlari Namangan shahar Kengashi deputati, Namangan shahar hokimi Ayubxon Kamalov, xitoylik investorlar hamda shahar jamoatchiligi vakillari ishtirok etdilar.
Umumiy loyiha qiymati 20 million AQSh dollarini tashkil etuvchi mazkur savdo markazida ayni paytda 10 mingdan ortiq turdagi mahsulotlar xaridorlarga taklif etilmoqda. Yangi majmua faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi natijasida dastlabki bosqichda 100 nafar fuqaro ish bilan ta’minlandi.
Kelgusida mahsulotlar turini 30 mingtagacha yetkazish va ish o‘rinlari sonini 1 000 tagacha oshirish rejalashtirilgan. Loyihaning asosiy maqsadi xaridorlar uchun qulay savdo muhitini yaratish hamda aholiga zarur bo‘lgan turli mahsulotlarni bir joyning o‘zida xarid qilish imkoniyatini taqdim etishdan iborat.
Shuningdek, xitoylik investorlar bilan hamkorlikda yangi mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalarni tashkil etish masalasi ham rejalashtirilmoqda. Bu kelgusida shahar iqtisodiyotini rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqarish salohiyatini oshirish va aholi bandligini ta’minlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Mazkur loyiha Namangan shahrida investitsiyaviy muhitni yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratish borasidagi sa’y-harakatlarning muhim yo‘nalishlaridan biridir.