Yangiliklar

Yangi O‘zbekiston — investitsiyalar uchun katta imkoniyatlar mamlakati

Joriy yilning 10-iyun kuni Xalqaro kongress markazida Muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev ishtirokida to‘rtinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Bugungi tez o‘zgarayotgan dunyoda har bir davlat uchun siyosiy barqarorlik, iqtisodiy ochiqlik va xalqaro hamkorlik ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Mana shunday murakkab va mas’uliyatli davrda mamlakatimizda o‘tkazilayotgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi nafaqat O‘zbekistonning yangi taraqqiyot bosqichini, balki uning xalqaro maydondagi nufuzi oshib borayotganini ham yaqqol namoyon etmoqda. Bu anjuman orqali O‘zbekiston dunyoga ochiq, huquqiy va ishonchli sherik ekanini, uning tashqi siyosati tinchlik, barqaror rivojlanish va inson qadrini yuksaltirishga xizmat qilishini yana bir bor namoyon qilmoqda.

Prezidentimiz tashabbusi bilan to‘rtinchi marta o‘tkazilayotgan mazkur nufuzli anjuman butun dunyoga yana bir bor shundan darak beradiki, Yangi O‘zbekiston – barqaror rivojlanish, teng huquqli hamkorlik va inson qadrini ulug‘laydigan siyosati bilan xalqaro hamjamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lib bormoqda.

Bu yilgi forumda 100 ga yaqin davlatdan 3 mingga yaqin xorijiy mehmon, yirik biznes va moliya tashkilotlari, davlat rahbarlari, shu jumladan Bolgariya, Slovakiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon, Turkmaniston kabi do‘st va qo‘shni mamlakatlardan yuqori martabali mehmonlarning ishtirok etayotgani – O‘zbekistonga bo‘lgan ishonch va hurmatning ifodasidir.

Jahondagi murakkab geosiyosiy vaziyat, qurollanish poygasi, oziq-ovqat xavfsizligi, iqlim o‘zgarishi va Afg‘oniston hamda G‘azo kabi hududlardagi inqirozlarga O‘zbekistonning insonparvar va konstruktiv yondashuvi, biz uchun ham faxr va mas’uliyat manbaidir.

Forumning eng muhim jihati – investitsiyalar haqidagi qarashlarning yangi bosqichga ko‘tarilayotganidir. Sarmoya endi faqat iqtisodiy foyda uchun emas, balki tinchlik, adolat va inson qadrini ta’minlash vositasi sifatida qaralayotgani – Yangi O‘zbekistonning siyosiy-falsafiy yutug‘i ekanligi alohida ta’kidlandi.

O‘zbekiston bugun faqat investitsiyalar emas, balki tinchlik va hamjihatlikni eksport qiluvchi davlatga aylanmoqda. Bundan keyingi vazifa – ana shu ishonchni qonunchilik, adolatli boshqaruv va insonparvar siyosat orqali mustahkamlashdir.

Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashi deputati D.Normuradova.

Slide 1 of 1