Xalq deputatlari Angor tumani Kengashi 14-Kayran saylov okrugi deputati Primqulov Rustam tomonidan Kayran mahallasidagi xotin-qizlar faoliyati yuzasidan o‘rganish ishlari olib borildi. Mazkur o‘rganishlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-martdagi PF–87-sonli “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida tashkil etildi. O‘rganish davomida mahallada jami 2 674 nafar xotin-qiz istiqomat qilishi, shundan 102 nafari “Ayollar daftari”ga kiritilgani va ular bilan 5 ta muhim yo‘nalish bo‘yicha manzilli ishlar olib borilayotgani aniqlandi. Shuningdek, xotin-qizlarning bandligini ta’minlash va ularni tadbirkorlikka jalb etish maqsadida subsidiya asosida 10 nafar xotin-qizga tikuv mashinalari ajratilgani qayd etildi. Bu esa ularning o‘zini o‘zi band qilishiga, oilaviy daromadni oshirishga xizmat qilmoqda. Deputat tomonidan o‘rganish yakunida xotin-qizlarning muammolari va ehtiyojlarini tizimli hal etish, “Ayollar daftari” bilan ishlash samaradorligini oshirish, bandlikni kengaytirish hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralarini kuchaytirish yuzasidan deputat tomonidan tegishli tavsiyalar berildi.