YANGI ALIFBO — SAVODXONLIK VA TA’LIM SIFATINI OSHIRISH YO‘LIDAGI MUHIM QADAM
Har qanday yozuv islohotining haqiqiy natijasi uning kundalik hayotga qanday singishi, ta’lim jarayonida qay darajada o‘zlashtirilishi va kelajak avlodning savodxonligiga qanday ta’sir ko‘rsatishi bilan o‘lchanadi. Shu ma’noda, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirishga oid Qonunning imzolanishi ta’lim, matbuot va davlat tilidan foydalanish amaliyoti oldiga yangi vazifalarni qo‘yadi.
Yangi alifboga ko‘ra, O‘ o‘ harfi Ö ö, G‘ g‘ harfi Ğ ğ, Sh sh birikmasi Ş ş, Ch ch birikmasi esa Ç ç shaklida ifodalanadi. Bu o‘zgarishlarni to‘g‘ri o‘zlashtirish uchun yangi imlo me’yorlarini tushunarli tarzda bayon etish, o‘quv-uslubiy materiallarni tayyorlash va amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etish talab etiladi.
Ayniqsa, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim maktablari, professional va oliy ta’lim muassasalarida izchil tushuntirish ishlarini olib borish muhimdir. O‘qituvchilar va pedagoglar yangi yozuv qoidalarini puxta bilishi, o‘quvchilar esa ularni bosqichma-bosqich o‘zlashtirishi lozim. Buning uchun sifatli darsliklar, qo‘llanmalar, elektron resurslar va ommabop izohli materiallarni tayyorlash alohida ahamiyatga ega.
Shu bilan birga, alifbo islohoti aholiga ortiqcha tashvish tug‘dirmasligi, avval rasmiylashtirilgan hujjatlarga nisbatan asossiz talablar paydo bo‘lmasligi kerak. Qonunda amaldagi alifbo asosida rasmiylashtirilgan hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qog‘ozlarning amal qilishi davom etishi nazarda tutilgan. Bu esa yangilanish jarayonida huquqiy barqarorlik va fuqarolar manfaatlarini ta’minlash muhimligini ko‘rsatadi.
Menimcha, ushbu islohotni muvaffaqiyatli amalga oshirishda tushuntirish va targ‘ibot ishlari alohida o‘rin tutadi. Yangi harflarning yozilishi va qo‘llanilishini oddiy misollar orqali ko‘rsatish, savol-javoblar tashkil etish, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda ishonchli ma’lumotlarni muntazam berib borish aholining yangilikni to‘g‘ri anglashiga yordam beradi.
O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi uchun ta’lim sifati, yoshlarning bilim olishi va fuqarolarning davlat tilidan erkin foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish muhim masalalardandir. Shu bois alifboni takomillashtirish jarayonida ham bilim va tushuncha berish, amaliy qulaylik yaratish hamda fuqarolar manfaatlarini e’tiborda tutish ustuvor bo‘lishi lozim.
Zero, savodxon jamiyat — taraqqiyotning mustahkam poydevori. Yozuvimizni takomillashtirishdan ko‘zlangan maqsad ham tilimizni yanada qulay qo‘llash, ta’lim va ma’rifat imkoniyatlarini kengaytirish hamda milliy tilimizni kelajak avlodlarga boy va zamonaviy shaklda yetkazishdan iborat.