Yangiliklar

XALQ DEPUTATLARI PARKENT TUMAN KENGASHI VA “MADAD” NNT: AHOLI HUQUQIY MANFAATLARI YO‘LIDA HAMKORLIK

✅ Xalq deputatlari Parkent tuman Kengashi tomonidan aholining huquqiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish, fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatish hamda ularning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishga ko‘maklashish maqsadida “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti bilan imzolangan memorandum doirasidagi hamkorlik izchil davom ettirilmoqda.
✅ Mazkur hamkorlikni amaliy jihatdan yanada kuchaytirish, belgilangan vazifalarni aniq yo‘nalishlar asosida tashkil etish hamda aholiga ko‘rsatilayotgan huquqiy xizmatlar samaradorligini oshirish maqsadida ishchi uchrashuv o‘tkazildi.
🇺🇿Uchrashuvda Xalq deputatlari Parkent tuman Kengashiga 4-“Bo‘ston” saylov okrugidan saylangan deputat Usipxodjayev Yerlan Ormanovich hamda Parkent tumani “Madad” NNT byurosi bosh mutaxassisi Baxtiyor Umarbekov ishtirok etdi.
✅ Muloqot davomida Kengash va “Madad” NNT o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, memorandumda belgilangan vazifalarni amaliyotga samarali tatbiq etish, eng muhimi, aholiga yaqin va qulay huquqiy yordam tizimini shakllantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
✅ “Madad” NNT bilan hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri — fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatishdir. Bu borada aholining kundalik hayotida uchrayotgan huquqiy masalalarni aniqlash, fuqarolarga qonunchilikda belgilangan huquq va imkoniyatlarini tushuntirish, zarur hollarda ularni tegishli tashkilotlarga yo‘naltirish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan fikr almashildi.
✅ Shuningdek, mahalliy Kengash faoliyatini huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, Kengash qarorlari va boshqa hujjatlarni tayyorlash jarayonida huquqiy maslahat va ko‘makdan samarali foydalanish, doimiy komissiyalar faoliyatining huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama etildi.
📚 Deputatlar va Kengash kotibiyati xodimlarining huquqiy bilim va malakasini oshirish ham hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi. Shu maqsadda seminarlar, o‘quv mashg‘ulotlari va amaliy uchrashuvlarni muntazam tashkil etish bo‘yicha takliflar bildirildi.
✅ Aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish — hamkorlikning yana bir muhim yo‘nalishidir. Fuqarolarning o‘z huquqlarini bilishi, qonuniy manfaatlarini himoya qila olishi va huquqiy masalalarda to‘g‘ri yo‘l tutishi jamiyatda qonuniylik va huquq ustuvorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
✅ Uchrashuv yakunida aholi uchun sayyor huquqiy qabullarni tashkil etish, deputatlarning saylov okruglarida fuqarolar bilan uchrashuvlarida “Madad” NNT vakillarining ishtirokini ta’minlash, aholining murojaatlarini o‘rganish hamda ularga huquqiy tushuntirishlar berish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, deputatlar, Kengash kotibiyati xodimlari va fuqarolar uchun huquqiy mavzularda seminar va o‘quvlar tashkil etish, amaliy masalalar yuzasidan maslahatlar berish hamda huquqiy targ‘ibot tadbirlarini kengaytirish belgilandi.
✅ Mahalliy Kengashning nazorat vakolatlarini samarali amalga oshirishda ham “Madad” NNT bilan hamkorlikni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, qonunlar va Kengash qarorlarining joylarda ijrosini o‘rganish, fuqarolar murojaatlarida ko‘tarilayotgan huquqiy masalalarni tahlil qilish hamda aniqlangan muammolarni qonuniy asosda hal etishga ko‘maklashish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish nazarda tutildi.
‼️ Xalq deputatlari Parkent tuman Kengashi va “Madad” NNT hamkorligi — aholining huquqiy himoyasini kuchaytirish, fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish va mahalliy vakillik organlari faoliyatining huquqiy asoslarini yanada mustahkamlashga qaratilgan amaliy sheriklikdir.
⚖️ Huquqni bilgan fuqaro — o‘z manfaatini himoya qila oladi!
🌿 Hamkorlik — huquqiy madaniyat, qonuniylik va fuqarolar manfaatlari yo‘lida!

Slide 1 of 2