O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjon Respublikasiga davlat tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik, ittifoqchilik va strategik hamkorlikni yanada mustahkamlash yo‘lida tarixiy ahamiyat kasb etdi. Tashrif davomida hamkorlikning barcha asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi, amaliy natijalar qo‘lga kiritildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev rahbarligida mamlakatda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholab, Ozarbayjonni O‘zbekistonning ishonchli strategik sherigi sifatida yana bir bor e’tirof etdi. Mintaqaviy va global muammolarni tinch yo‘l bilan hal etish borasida ikki davlatning pozitsiyalari uyg‘unligi alohida qayd etildi.
Iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish yo‘lida yaqin yillarda ikki tomonlama savdo va investitsiya hajmini 1 milliard dollarga yetkazish maqsadida muhim choralar belgilandi. Sanoat, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi, ijtimoiy himoya, fan va ta’lim sohalarida hukumatlararo bitimlar imzolandi. Transport va logistika yo‘nalishida “O‘rta yo‘lak” loyihasi doirasida yuk tashish hajmi 25 foizga ortib, yillik 1 million tonnadan oshgani, elektron ruxsatnomalar joriy etilishi jarayonlarni soddalashtirib, samaradorlikni oshirgani tashrifning amaliy yutuqlaridan biridir.
Energetika sohasida Yevropaga elektr energiyasini eksport qilishni ko‘zda tutuvchi “yashil” energetika loyihalari bo‘yicha ishlar jadallashmoqda. Bu esa ikki davlatning uzoq muddatli strategik manfaatlariga xizmat qiladi.
Madaniy va diplomatik aloqalarni mustahkamlash maqsadida Boku shahrida “O‘zbekiston” bog‘i barpo etilmoqda, Ozarbayjonda O‘zbekiston elchixonasining zamonaviy binosi ochildi. Elchixona zallari O‘zbekiston hududlari nomlari bilan atalib, “Qorabog‘” nomi do‘stlik ramzi sifatida tanlangan. O‘z navbatida, O‘zbekistonda “Ozarbayjon” bog‘i va “Sea Breeze” sayyohlik majmuasi qurilishi rejalashtirilmoqda.
2025 yilda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarning 30 yilligi keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan turli madaniy tadbirlar, konsertlar va yoshlar forumlari tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Tashrif doirasida Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda sanoat, ekologiya, ta’lim, qishloq xo‘jaligi va ijtimoiy sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha aniq harakatlar belgilandi. Bundan tashqari, Tadbirkorlar kengashini tashkil etish, iqtisodiy zonalar forumlari o‘tkazish hamda qo‘shma investitsiya kompaniyasi faoliyatini kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Davlat rahbarlari ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik, ishonch va o‘zaro manfaatlarga asoslangan munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish borasidagi qat’iy intilishlarini yana bir bor tasdiqladilar.
✍️ Xasamiddinov Muzaffar
Xalq deputatlari Paxtakor tuman Kengashi deputati