35 yilYagona vatan, yagona xalq bo'lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!

Yangiliklar

So‘ngi yangiliklar

MUQADDAS ZAMIN — BUYUK AJDODLAR VATANI

Mustaqillik sharofati bilan kundan-kunga chiroy ochib, obod va ko‘rkam qiyofa kasb etayotgan O‘zbekistonimiz, azaldan buyuk allomalar, imomlar va avliyolar yurti sifatida dunyoga mashhur. Ayniqsa, ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand zaminini ulug‘ zotlar yurti, ilmu ma’rifat beshigi deb bejiz aytishmaydi.

Ana shunday tarixiy va ma’naviy jihatdan beqiyos maskanlardan biri — Ishtixon zaminidir. Bu muqaddas tuproqda asrlar davomida o‘nlab aziz-avliyolar, buyuk allomalar yashab, ijod qilgan, ularning ayrimlari shu yurtda mangu uyquga ketgan.

Samarqand zaminining tarixga boy qadimiy mavzelaridan biri bo‘lgan Ishtixon shahri va tumani o‘zining uzoq va shonli tarixi bilan alohida ajralib turadi. Ishtixon VII asr oxiri — VIII asr boshlaridayoq islom dini va madaniyati kirib kelgan, ma’rifat va tafakkur rivoj topgan qadimiy maskanlardan biri sifatida e’tirof etiladi.

Samarqand viloyati hududida, Samarqand shahridan keyin, Ishtixon kabi ko‘plab buyuk allomalarni yetishtirib bergan zaminni topish qiyin. Bu yurtdan yetishib chiqqan ulug‘ zotlar islom ilmi, ma’naviyati va madaniyati taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shganlar. Bu esa Ishtixon zaminining naqadar qadimiy, qutlug‘ va muqaddas maskan ekanidan dalolat beradi.

Islom ilmining “oltin davri” hisoblangan IX–XII asrlarda Movarounnahrda yuz bergan ilm-fan va madaniyat yuksalishi — Uyg‘onish davrida Ishtixon alloma-yu fozillari ham o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shganlar. Buyuk Imom ar-Rastug‘foniy, mashhur piri murshid Shayx Burhoniddin Sog‘arjiy kabi ulug‘ zotlarning shu zamindan yetishib chiqqani Ishtixon tarixining naqadar buyuk ekanini ko‘rsatadi.

Umuman, ilm ahli orasida “Sog‘arjiylar” nisbasini olgan ishtixonlik allomalar haqida ko‘plab qimmatli ma’lumotlar mavjud. Ularning ilmiy-ma’rifiy merosi bugungi avlod uchun ham bebaho ma’naviy xazinadir.

Faol ijodkor, fidoyi ustoz O‘ta Muhammadning izlanishlari, tuman gazetasi sahifalarida chop etilgan maqolalari orqali Shayx Burhoniddin Sog‘arjiy ziyoratgohi va tasavvuf tariqati piri sifatida tanilgan bu ulug‘ zot hayoti va faoliyatiga oid ko‘plab ma’lumotlardan xabardor bo‘lganmiz.

Shuningdek, marhum tarixchi, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Qudrat Hasanovning So‘fi Olloyor xotirasini abadiylashtirish yo‘lida olib borgan izlanishlari ham alohida e’tiborga loyiq. Abul-Hasan Ali ibn Said ar-Rastug‘voniy qabri tuman hududidagi “Boylata” qishlog‘ida joylashgani haqidagi ma’lumotning o‘ziyoq Ishtixonning naqadar ulug‘ insonlar yurti ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.

Bugungi kunda ana shunday nodir tarixiy ma’lumotlarning bir kitobda jamlanayotgani, ajdodlarimizning ilmiy-ma’naviy merosi, hayoti va faoliyati haqida qimmatli manbalarning avlodlarga yetkazilayotgani barchamizning qalbimizda faxr va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otadi.

Tarixiy obidalar va ziyoratgohlarni asrab-avaylash, ularni obod etish, buyuk ajdodlarimiz nomini va boy merosini kelajak avlodlarga yetkazish — bugungi kunning muhim ma’naviy vazifalaridan biridir. Chunki o‘z tarixini, ajdodlari xotirasini qadrlagan xalqning kelajagi hamisha buyuk bo‘ladi.

Bir so‘z bilan aytganda, tarixchi va manbashunos Komilxon Kattayevning yurtimiz tarixi, xususan, Ishtixon zaminida yashab o‘tgan buyuk ajdodlarimiz hayoti va merosini o‘rganish, ularning xotirasini asrash borasidagi fidokorona mehnati tahsinga sazovor.

Zero, tarix — millat xotirasi. Ajdodlar merosi esa kelajak avlodni buyuk maqsadlar sari chorlaydigan bebaho ma’naviy boylikdir.

Ulug‘bek NURMUHAMMEDOV,

Xalq deputatlari Ishtixon tumani Kengashi deputati.  

Slide 1 of 1