Davlatimiz rahbari Urgut misolida imkoniyatlarni tahlil qilib, vazirlar va hokimlar oldiga keyingi yil uchun aniq vazifalar qo‘ydi.
Urgutda barcha imkoniyatlarni safarbar qilib, kelasi yil kambag‘allik va ishsizlikni 2 foizdan tushirishi kerakligi ta’kidlandi.
Urgutda 1,5 mingta sanoat korxonasi bo‘lsada, ayrimlari faoliyat ko‘rsatmayapti, ishlayotganlari ham mavjud quvvatidan to‘liq foydalanmayapti.
Mutasaddilarga “Urgut” iqtisodiy zonasiga kiruvchi 14 ta tuman hokimi bilan ishni to‘g‘ri tashkil qilish, ishlab chiqarish xarajatlarini 20-30 foizga qisqartirish topshirildi.
Masalan, yangi temir yo‘l liniyasi hisobiga Urgut va Toyloqdagi 1 ming 200 ta sanoat korxonasining tashish xarajatlari arzonlashib, tannarx 6-8 foizga qisqaradi.
Agar temir yo‘l bo‘ylab 3 ta zamonaviy logistika markazi qurilsa, Urgut, Toyloq, Jomboy, Bulung‘ur va Samarqand tumanidagi 2 mingga yaqin sanoat korxonalarining tashish xarajatlari yana 10-15 foizga arzonlashishi ko‘rsatib o‘tildi.
“Urgut” sanoat zonasiga kooperatsiya olib kirib, mahsulotlarni “ehtiyot qismlar – tayyor mahsulot” zanjiri asosida ishlab chiqarish orqali tannarxni 5 foizdan 15 foizgacha kamaytirish mumkin.
Raqamlashtirish hamda sun’iy intellektni joriy qilish orqali ham ishlab chiqarish samaradorligi 20 foizga oshadi, operatsion xarajatlar 20-25 foizga kamayadi.
Mutasaddilarga tuman sanoatining 70 foizini beradigan 43 ta korxonaga shu ishlarni qanday tashkil qilishni o‘rgatish topshirildi.
“Urgut” erkin iqtisodiy zonasini 287 gektari adirda joylashgani uchun infratuzilma olib borish 2-3 karra qimmatlashmoqda.
Agar bu yerlar qulay hududlarga almashtirib berilsa, investorlar 560 million dollarlik 80 ta loyihani amalga oshirishga tayyor.
Mas’ullarga yil yakunigacha sanoat zonalaridagi bo‘sh yerlarni tahlil qilib, samarasiz hududlarni boshqasiga almashtirish bo‘yicha taklif kiritish topshirildi.
Urgut tumani yiliga 40 million dollarlik sanoat mahsulotlarini eksport qilmoqda. Tumanda yiliga 350 million dollarlik sanoat mahsuloti chiqishi hisobga olinsa, bu juda kam ekani qayd etildi.
Suriya, Iroq va Afg‘onistonning o‘zida 30 milliard dollarlik elektrotexnika, tekstil, oziq-ovqat, avtomobil, farmatsevtika va qurilish materiallariga ehtiyoj bor.
Lekin, bu bozorlarga jadal kirib borish bo‘yicha na tarmoq rahbarlari, na hokimlar haligacha tayinli natija ko‘rsatmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Shu bois, yil yakunigacha Afg‘onistonni Mozori-Sharif shahrida Tovar-xomashyo birjasi filiali ochiladi va kamida 100 turdagi mahalliy mahsulotlarni sotish yo‘lga qo‘yiladi
Keyingi yildan Savdo-sanoat palatasining Iroqda 3 nafar, Suriyada 2 nafar savdo maslahatchilari ish boshlaydi. Iroqning eng yirik 100 ta tadbirkorlarini Samarqandga taklif qilib, “O‘zbekiston-Iroq” biznes forumini o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.
Umuman, kelasi yili viloyatda 70 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish va sanoatda 25 ming ish o‘rni yaratish reja qilindi.
Urgutga yil boshidan 500 ming xorijiy va 1 million mahalliy sayyoh keldi.
Tadbirkorlar Zarafshon tog‘ tizmasida joylashgan “Qortog‘” zonasida 600 gektar maydonda turizm zonasi tashkil etish tashabbusini bildirgan.
Yoki, “Qoratepa” suv ombori atrofida kemping va kapsula uylar qurib, “Eko shaharcha” barpo etilsa, turistlarga yil 12 oy xizmat ko‘rsatadigan maskanga aylanadi.
Shu bois, mutasaddilarga Urgutda turistik-rekreatsion zona direksiyasini tashkil etish, master-reja ishlab chiqib, lotlarni savdoga chiqarish topshirildi. Ushbu loyihaning infratuzilmasi uchun 50 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.
Urgutdagi yondashuvlar asosida yana 245 million dollarlik loyihalar hisobiga 8 ta tumanda 15 ming ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Umuman, kelasi yil 600 million dollarlik turizm loyihalarini boshlab, kamida 35 ming aholini band qilish zarurligi qayd etildi.
Urgutdagi mahallalar infratuzilmasiga kelasi yil 260 milliard so‘m ajratilishi e’lon qilindi.
Misol uchun, Urgutdagi Tinchlik mahallasi hududidan logistika markazi qurish uchun 5 gektar joy ajratilib, 5 milliard so‘mlik infratuzilma qilib berilsa, 100 ga yaqin do‘kon, oshxona va servis obyektlari quraman, degan urgutliklar ko‘p.
Tuman markazidagi 1,5 kilometrli “Navoiyshoh” ko‘chasini tunu-kun ishlaydigan maskanga aylantirish orqali 60 ta savdo-servis obyekti tashkil qilib, 500 nafar odamni ishli qilish mumkin.
Shuningdek, tumanning 8 ta mahallasi infratuzilmasini yaxshilashga Islom taraqqiyot bankidan 10 million dollar jalb qilinmoqda. Bundan tashqari, Tojikiston bilan chegaradosh 15 ta mahallada mehmon uyi va dam olish maskani qurishga 10 milliard so‘m resurs yo‘naltirilmoqda.
Umuman, 2026-yilda viloyatdagi mahallalarda savdo va servis hisobidan 40 ming ish o‘rni yaratish muhimligi qayd etildi.
Urgut tumanining 112 ming gektar maydoni bor, shundan 12 ming gektari sug‘oriladigan, 40 ming gektari yaylov va 22 ming gektari tog‘ hududlarini tashkil qiladi.
Bu yildan 2 ming gektar g‘alla yerlari, 3,5 ming gektar tamaki yerlari meva-sabzavot ekishga o‘tkazilmoqda. Yangi qo‘shilayotgan 5,5 ming gektarda yuqori daromad beradigan eksportbop mahsulotlar yetishtirish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Masalan, g‘alla va tamakidan bo‘shagan yerlarning 3 ming gektarida oq kishmish ekilib, mayiz qilinsa, tumanda qo‘shimcha 80 million dollarlik eksport bo‘ladi.
Shuningdek, Urgut tumanidagi 500 gektar tog‘-oldi va yaylovda sanoatlashgan uzumzor tashkil etib, 10 gektardan aholiga bo‘lib berish tashabbusi bildirilgan. Ishtixon tumanida ham kelasi yil 2 ming gektar qir-adirda bunday uzumzorlar tashkil qilinadi.
Ushbu yerlarga suv olib chiqish maqsadida 50 ta artizan qudug‘i qazish, 15-20 kilovattli quyosh paneli o‘rnatish xarajatlari uchun 30 milliard so‘m arzon resurs beriladi.
Urgutdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmining 51 foizi chorvachilikka to‘g‘ri keladi.
Tumanda 40 ming gektar yaylov bo‘lsada, shundan atigi 1,5 ming gektari chorva xo‘jaliklari uchun ajratilgan. Vaholanki, urug‘ va agrotexnologiyalar yaxshilansa, chorvachilik qilsa bo‘ladigan 14 ming gektarda yana 40 ming bosh qo‘y-echki boqish mumkin. Bu – yiliga 100 ming tonna go‘sht va viloyat talabining 50 foizi shuni o‘zidan qoplanadi, degani.
Mutasaddilarga 40 ming bosh qo‘y-echki bo‘yicha loyihani moliyaviy manbalari bilan hal qilish, yaylovlarni o‘zlashtirish bo‘yicha Urgutga mutaxassis olib kelish topshirildi.
Umuman, viloyatda 688 ming gektar yaylov bor. Bu – chorva ozuqasi uchun juda katta imkoniyat.
Endilikda chorvasi bor fermerlar uchun yaylovlardagi bo‘sh yerlar qiymatining 1 foizi miqdoridagi narx bilan auksionga chiqariladi.
Umuman, Osiyo taraqqiyot bankining 63 million dollari hisobidan 200 ming gektar yaylovda ozuqabop ekinlar ekish bo‘yicha loyihani boshlash topshirildi.
Viloyat qishloq xo‘jaligini asosiy suv manbai Zarafshon daryosi bo‘lib, undan kelayotgan suv hajmi yil sayin kamayib bormoqda. Daryodagi suv hajmi kamayib ketgani uchun yer osti suvlaridan foydalanish darajasi 2 barobar oshgan.
Shu bois, keyingi yil kamida 30 ming gektarda suv tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish zarurligi qayd etildi.
Endi viloyatdagi fermerlar uchun tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orishni joriy qilishga beriladigan kredit foizi 14 dan 10 foizga tushiriladi, paxta maydonlarining har bir gektari uchun 12 million so‘mgacha subsidiya beriladi.
Viloyatda suv resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha yangi tizim joriy qilinishi belgilandi.
Suv solig‘i tushumi to‘liq tuman suv korxonalari ixtiyoriga o‘tkazilib, faqat ariq va kanallarni betonlashga sarflanadi. Buning natijasida har yili 1 ming kilometr tuproq kanal va ariqlar beton qoplamaga o‘tkaziladi.
Yig‘ilish yakunida davlatimiz rahbari mas’ullarning hisobotlari va rejalarini tingladi.