Imom Buxoriy maqbarasi hududi 45 gektargacha kengaytirilib, 10 ming kishilik masjid, innovatsion muzey barpo etildi, atrofida o‘nlab mehmonxona va mehmon uylari qurilmoqda.
Agar Indoneziya, Malayziyadan ilg‘or turistik kompaniyalar olib kelinib, mehmonxonalar boshqaruvga berilib, o‘zaro manfaaatli hamkorlik yo‘lga qo‘yilsa, turistlar oqimi yanada keskin ko‘payishi ta’kidlandi.
Bugun viloyat nafaqat turizmdagi, balki sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatishdagi ulkan salohiyati bilan investor va tadbirkorlar uchun chinakam jozibador maskanga aylanib bormoqda.
“Endi Samarqand – ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish, investitsiya, eksport, umuman barcha sohada metodik viloyat bo‘lishi kerak.
Buning uchun tuman hokimlari o‘zini hududini xususiyatidan kelib chiqib, bor shtatlarini tahlil qilib, samarasizini qisqartirib, xorijdan zamonaviy menejerlar, mutaxassislar olib kelib, yangicha ishlashga o‘tishi zarur”,
- dedi davlatimiz rahbari.
Prezidentimiz viloyatda erishilgan natijalar va ishga solinmagan imkoniyatlarni qayd etdi.
O‘tgan sakkiz yilda viloyatga 12 milliard dollar investitsiya kiritildi, 600 ming doimiy ish o‘rni yaratildi, tadbirkorlar 2 karra ko‘paydi.
Ishlab chiqarish korxonalari soni 1,5 barobar, sanoat hajmi 1,7 barobar o‘sdi. Yillik aylanmasi 100 milliard so‘mdan oshgan korxonalar soni 81 taga yetdi. 55 ta davlatdan xorijiy investorlar ish boshladi, chet el ishtirokidagi korxonalar soni 700 taga yaqinlashdi. Xizmatlar yiliga o‘rtacha 15 foizdan o‘sayapti, bu yil servis hajmi 75 trillion so‘mga yetadi.
Shuningdek, 2024 yil va bu yilning 10 oyida 15 million kvadrat metrli uy-joy va tijorat obyektlari barpo etildi. Samarqandlik quruvchilar respublika bo‘yicha yiliga 4,5 million kvadrat metrli bino-inshootlar qurayapti.
Viloyatning yalpi hududiy mahsuloti 2016 yilda 23 trillion so‘m bo‘lgan bo‘lsa, bu yil 120 trillion so‘mga yetadi.
Odamlar viloyatda amalga oshirilgan ishlar hisobiga oilasida katta ijobiy o‘zgarishlar bo‘lganini aytayapti.
Masalan, o‘tgan davrda 2 trillion so‘mlik 3 ming 200 kilometr ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlari qurildi.
“Bir so‘z bilan aytganda, Samarqandni aholi va tadbirkorlar uchun ham, turistlar va investorlar uchun ham jozibador hududga aylantira oldik”,
- dedi Prezidentimiz.
Samarqand aholisi 4 million 300 mingdan oshdi, yiliga o‘rtacha 100-110 ming nafarga ko‘payib borayapti.
“Bugungi yig‘ilishni Urgutda o‘tkazayotganim bejiz emas. Respublika tumanlari ichida aholisi eng ko‘p Urgutda 600 mingdan ortiq odam istiqomat qilayapti.
Urgut tumani uzoq yillardan beri viloyat qishloq xo‘jaligida yetakchi. Adir va toshloq yerda Urgut erkin iqtisodiy zonasini tashkil qilganimiz, 860 million dollarlik 74 ta loyiha ishga tushgani natijasida Urgut sanoatlashgan hududga aylandi”,
- dedi davlatimiz rahbari.
Sanoat rivojlanishi savdo va servisga ham katta turtki berdi. Hozir Urgut viloyat sanoatida 3-o‘rinda, servisda esa 4-o‘rinda.
Bugun Urgutda yana bir tarixiy voqea – 55 kilometr temir yo‘l liniyasini ishga tushirildi. Ushbu tarmoqni elektrlashtirish ishlari kelasi yil to‘liq yakuniga yetkaziladi. Bu – avvalo aholiga yanada qulay sharoit yaratish bilan birga, sanoat, qishloq xo‘jaligi va servisda yangi imkoniyatlar eshigini ochib beradi.
Urgut tumani markazidagi 24 ta mahallada 100 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Bu – ba’zi bir shaharlar aholisidan ko‘p.
Hududdagi aholi uy-joy, kanalizatsiya, ichimlik suvi, maktab, bog‘cha, shifoxona, biznes infratuzilmasi bilan bog‘liq masalalar yechimini anchadan beri kutayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Shuning uchun Prezidentimiz Urgut markaziga “Yangi O‘zbekiston” qiyofasini olib kirib, yurtimizdagi eng zamonaviy va ko‘rkam shaharlardan biriga aylantirish bo‘yicha alohida qarorni imzoladi.
Tumanning “Quyi Kamangaron” mahallasidagi “Yangi O‘zbekiston” massiviga tutash hududdan 90 gektar qo‘shimcha joy ajratib, zamonaviy urbanistika asosida 100 ming aholiga mo‘ljallangan zamonaviy eko-shahar barpo etilishi e’lon qilindi.
Yangi shaharda yo‘l, suv, kanalizatsiya, elektr, maktab, bog‘cha, shifoxona va boshqa infratuzilma obyektlarini qurish, tadbirkorlik loyihalari uchun 50 million dollar ajratiladi.
Yangi shaharning 3 gektar maydonida tumanning 35 ta tashkiloti uchun yagona ma’muriy markaz qurib beriladi. Ularning bo‘shagan binolari esa biznes uchun xususiy sektorga taklif qilinadi.
Prezidentimiz yirik sanoat korxonalarining o‘z ishchilari uchun korporativ buyurtma asosida bunday uylarni sotib olish bo‘yicha tashabbuslarini ma’qulladi.
Keyingi yildan bunday korxonalarni rag‘batlantiradigan mexanizmlar joriy qilinadi va butun respublikaga tatbiq etiladi.
Yana bir yangilik – Oqdaryo, Payariq, Pastdarg‘om, Toyloq va Samarqand tumanidagi 17,5 ming gektar hudud Samarqand shahriga qo‘shib beriladi. Buning hisobiga Samarqand shahri aholisi 604 mingdan 882 mingga yetadi.
Shu bois, aholisi va daromadi kundan kunga o‘sib borayotgan Samarqand shahrida zamonaviy uy-joylarga bo‘lgan talabni ta’minlash uchun 3 ta yirik massiv tanlab olindi.
Jumladan, “Shirin” massivida 180 ming, “Temiryo‘l orti” hududida 100 ming, “Qorasuv-2” massivida 30 ming aholi uchun 700 dan ortiq zamonaviy ko‘p qavatli uylar barpo etiladi.
Bu yerlarda maktab, bog‘cha, oliygoh va shifoxona, zamonaviy biznes va savdo markazi, mehmonxona va restoran, ko‘ngilochar maskanlar ham quriladi.
Samarqand shahridagi 49 ta viloyat tashkiloti kelasi yil “Shirin” massiviga ko‘chadi. Shu yil oxirigacha bu massivni shahar markazi bilan bog‘lovchi “Qoradaryo” ustidan o‘tgan 577 metrli ko‘prik ishga tushiriladi.
Ispaniyalik investorlar bilan xususiy sheriklik asosida ushbu 3 ta massivning kanalizatsiya tizimi yangilanadi.
Shaharda yuk transporti harakatini kamaytirish maqsadida Oqdaryo, Toyloq va Samarqand tumanidan o‘tuvchi magistral yo‘l bo‘yida 4 ta logistika markazi barpo etiladi.