Yangiliklar

So‘ngi yangiliklar

янв.21
Ko‘p qavatli uylarning qish mavsumiga tayyorgarligi deputat nazoratida
янв.21
1-dekabr – Xalqaro OITSga qarshi kurashish kuni
янв.21
Zarbdor tuman Kengashining navbatdagi sessiyasi o‘tkazildi
янв.21
Xalq deputatlari Zarbdor tumani Kengashining Mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari boʻyicha doimiy komissiyasining yig'ilishi o'tkazildi.
янв.21
Raqamli texnologiyalar: korrupsiyani kamaytirishning yangi bosqichi
янв.21
Jizzax viloyatida “Eng namunali Kengash” ko‘rik-tanlovi davom etmoqda
янв.21
“Yashil makon” loyihasi doirasida ko‘chat ekish tadbiri o‘tkazildi
янв.21
Zarbdorda “Ixchamlik — bu madaniyat” g‘oyasi keng targ‘ib etilmoqda
янв.21
Zarbdor tumanida “Mahalla yettiligi” faoliyati yangi bosqichda
янв.21
Zarbdor tumanida 2026-yilda ishsiz fuqarolarni ish o‘rinlariga joylashtirish bo‘yicha yangi tartib belgilandi
Raqamli texnologiyalar: korrupsiyani kamaytirishning yangi bosqichi

Bugungi globallashuv davrida korrupsiya nafaqat iqtisodiy muammo, balki millat tafakkurini, jamiyat ma’naviyatini, davlat obro‘sini yemiruvchi eng xavfli illatlardan biriga aylandi.
9-dekabr — Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni — dunyo mamlakatlarini halollik sari, adolat sari, shaffof boshqaruv sari chorlaydigan muhim sana sifatida e’tirof etiladi.
Chunki korrupsiya rivojlanayotgan davlatlarning qo‘l-oyog‘ini bog‘laydi, kuchini so‘ndiradi, ishonchini pasaytiradi.
O‘zbekiston ham ushbu jabhada qat’iy siyosat, aniq qonunchilik asoslari hamda fuqarolik jamiyati ishtirokini kuchaytirgan holda korrupsiyaga qarshi kurashni ustuvor vazifa sifatida belgilagan. Chunki korrupsiyaning ildizi — faqat pora yoki lavozimdan suiiste’mol emas, balki jamiyatda ishonchning yemirilishidir. Ishonch yemirilsa — taraqqiyot sekinlashadi.
Ma’lumki, bu illatning kеlib chiqish sabablarini aniqlash, korrupsiyaga qarshi kurashning samarali yo‘llarini topish bo‘yicha mutaxassislar, turli institutlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan yuzlab, minglab tadqiqotlar o‘tkazilgan. O‘ziga xos rеytinglar tuzilib, har xil ko‘rsatkich va raqamlar qayd etilgan jadvallar yaratilgan. Hatto korrupsiyaning xilma-xil ko‘rinishidagi formulalari ham ishlab chiqilgan. Hanuzgacha, barcha millatlar uchun qo‘l kеladigan qarshi kurashda asqotadigan yagona yechim yo‘q. Shunday ekan, har bir millat mazkur illatga qarshi kurashish stratеgiyasini o‘zi bеlgilaydi.
Shulardan kеlib chiqib, 2017-yil 3-yanvar kuni “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida” gi O‘zbеkiston Rеspublikasining Qonuni qabul qilinib, korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy mеxanizmi yaratildi.
Mazkur Qonuning 3-moddasida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga doir tushunchalarga ta’rif bеrilgan, ya’ni korrupsiya – shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqеidan shaxsiy manfaatlarini, yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdеk bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etishidir. Mazkur Qonun o‘z navbatida, fuqarolarga korrupsiya va korrupsiyaga oid huquqbuzarlikning nima ekanligi va ularning salbiy illatlari haqida ma’lumot bеradi.
Korrupsiya – taraqqiyotni sekinlashtiruvchi eng ko‘rinmas, ammo eng kuchli to‘siq
Korrupsiya oddiygina pora yoki mansabni suiiste’mol qilish emas. Bu — butun tizimni ichidan chirita boshlaydigan kasallikdir. Uning oqibatlari jamiyatda shunchalik chuqur ildiz otadiki, uni vaqtida to‘xtatmaslik kelajak avlodning imkoniyatlarini cheklaydi.
1. Iqtisodiy rivojlanishga zarba beruvchi omil
Taraqqiyotning har bir bosqichi ishonchga tayanadi. Investorning ishonchi bo‘lmasa, sarmoya kelmaydi. Sarmoya kelmasa — ish o‘rinlari ochilmaydi, infratuzilma rivojlanmaydi. Har bir korrupsion holat — minglab insonlarning hayotiga ta’sir qiluvchi zanjirli yo‘qotishdir.
2. Adolatning yemirilishi
Korrupsiya adolat mezonini tizimdan olib tashlaydi. Unda “mehnat qilgan — yutmaydi, tanish-topish bilan ish bitirgan — yutadi” degan xavfli tasavvur shakllanadi. Bu esa yoshlarni umidsizlantiradi, iqtidorlarni so‘ndiradi, jamiyatning ichki energiyasini pasaytiradi.
3. Fuqarolarning davlatga ishonchini yemiradi
Korrupsiya sodir bo‘lgan joyda eng katta yo‘qotish —xalqning ishonchi. Davlatga ishonch yo‘qolsa, jamiyatda befarqlik kuchayadi. Befarqlik esa eng katta xavf — korrupsiyaning yana-da chuqurlashishiga zamin yaratadi.
4. Hududlarda rivojlanishning notekis bo‘lishiga olib keladi
Mahalliy boshqaruvda korrupsiya mavjud bo‘lsa — byudjet mablag‘lari maqsadli sarflanmaydi, kichik loyihalar o‘z vaqtida amalga oshmaydi, aholi noroziligi kuchayadi. Bunday tumanlar investitsiya jalb qila olmaydi, rivojlanish sur’ati pasayadi.
Shuning uchun bugungi kunda korrupsiyaning oldini olish — faqat jinoyatlarni fosh etish emas, balki tizimlarda halollik madaniyatini shakllantirishdan iborat.
O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi siyosat: natija berayotgan islohotlar
So‘nggi yillarda O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi kurashni davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylantirdi.
“Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun– huquqiy poydevor
Bu hujjat korrupsiyaga qarshi kurashni bir necha yo‘nalishda olib borishni belgiladi, xususan, oldini olish, aniqlash, jazolash, shaffoflikni kuchaytirish.
• Raqamlashtirish – korrupsiyaga zarbaning eng kuchli vositasi
Raqamli texnologiyalar bugungi kunda korrupsiyani kamaytirishning eng samarali yo‘llaridan biri sifatida tobora katta ahamiyat kasb etmoqda. Chunki raqamlashtirish inson omilini qisqartiradi, jarayonlarni avtomatlashtiradi va davlat xizmatlarining shaffofligini oshiradi. Eng muhim afzalligi shundaki, har bir amal elektron tarzda qayd etiladi, bu esa noqonuniy harakatlarni yashirish imkoniyatini keskin cheklaydi.
Davlat idoralarida onlayn xizmatlarning kengayishi fuqarolarning davlat xizmatchilari bilan yuzma-yuz aloqasini kamaytirib, pora talab qilinishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarning oldini olmoqda. Masalan, elektron navbat tizimlari, masofaviy ariza topshirish imkoniyati, avtomatlashtirilgan ruxsatnoma jarayonlari “oraliq bo‘g‘in”larni qisqartirib, xizmat ko‘rsatishning adolatli va ochiq bo‘lishiga xizmat qilyapti.
Bugungi kunda my.gov, E-auksion, E-qaror, regulation.gov, my.ihma, vacancy.argos.uz, Ochiq budjet kabi platformalar korrupsiyaga qarshi kurashda muhim rol o‘ynamoqda. Ushbu tizimlar orqali jarayonlar raqamli maydonga ko‘chirilgani sayin, fuqarolarning xodimlar bilan bevosita muloqoti kamaymoqda, shunga mos ravishda korrupsiya xavfi ham izdan chiqmoqda.
Xulosa qilib aytganda, raqamli texnologiyalar korrupsiyaga qarshi kurashning yangi bosqichini boshlab berdi: davlat boshqaruvi yanada shaffoflashdi, jarayonlar soddalashdi, fuqarolarning davlat tizimiga bo‘lgan ishonchi ortmoqda. Kelajakda raqamlashtirish yanada kengaygani sari korrupsiya uchun imkoniyatlar tobora qisqarib borishi tabiiydir.
• Davlat xizmatchilarining daromadlarini deklaratsiyalash tizimi yo‘lga qo‘yildi
Bu ochiqlik tizimini kuchaytiruvchi eng muhim qadamdir.
• Jazo muqarrarligi tamoyili mustahkamlandi
Lavozimi, mavqei, mansabidan qat’i nazar — qonun oldida barchaning tengligi korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirmoqda.
O‘zbekiston bugun korrupsiyaga qarshi kurashishda xalqaro standartlarga yaqinlashib bormoqda.
Xalq deputatlari Kengashi – halollik va ochiqlikning mahalliy tayanchi
Zarbdor tuman Kengashi faoliyati ochiqlik tamoyillariga asoslanib bormoqda. Mahalliy Kengash — aholiga eng yaqin boshqaruv bo‘g‘ini sifatida davlat siyosatining amalda ijro etilishida hal qiluvchi rol o‘ynaydi.
1. Ochiq eshituvlar va jamoatchilik nazorati
Mahalliy budjet, yer ajratish, qurilish, infratuzilma
loyihalari bo‘yicha eshituvlarning ochiq o‘tkazilishi — korrupsiyaning oldini olishning eng samarali yo‘lidir.
2. Deputatlarning muntazam hisobot berish amaliyoti
Bu tizim – aholi oldida mas’uliyatni oshiradi, qarorlar qabul qilish jarayonini shaffoflashtiradi.
3. Kotibiyat ishida raqamlashtirish
Hujjatlar almashinuvi elektron tartibga o‘tishi, har bir qarorning vaqtida e’lon qilinishi, murojaatlarning tartib bilan ko‘rib chiqilishi – davlat xizmati madaniyatini sifat jihatidan yangilamoqda.
4. Aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot
Fuqarolarning muammolarini hal etishda qonuniylik, tartib, halollik tamoyillariga qat’iy rioya qilinishi — jamiyatda davlatga bo‘lgan ishonchni mustahkamlovchi eng asosiy omildir. Shu ma’noda, korrupsiyaga qarshi kurashni boshlash aynan mahalliy tizimdan, eng yaqin bo‘g‘indan boshlanadi.
Korrupsiyaga qarshi kurash – bu kampaniya emas, madaniyatdir
Korrupsiya bilan kurashish — vaqtinchalik shior emas. Bu — jamiyat ongi va tarbiyasida shakllanishi kerak bo‘lgan qadriyatdir.
O‘qituvchi halol bo‘lsa — kelajak avlod halol o‘sadi.
Shifokor vijdon bilan ishlasa — jamiyat sog‘lom bo‘ladi.
Davlat xizmatchisi qonunga sodiq bo‘lsa — tizim ishonchli bo‘ladi.
Ota-ona halollikka o‘rgatsa — farzand poraga nafrat bilan qaraydi.
Yoshlar adolatni talab qilsa — jamiyatda korrupsiya ildiz ota olmaydi.
Halollik bu — qonun talabigina emas. Bu — har bir insonning o‘ziga bo‘lgan hurmati.
Xulosa
Korrupsiya — oson yo‘l tanlash istagidan tug‘iladigan, lekin butun jamiyatni adashgan yo‘lga boshlaydigan illatdir. U sekin, sezilmay, ammo chuqur yemiradi. Uning zararini ko‘rish uchun yillar, uni yo‘qotish uchun esa qat’iyat va halollik kerak.
Taraqqiyot — halollikdan boshlanadi.
Halollik — vijdondan boshlanadi.
Vijdonli jamiyat esa korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaydi.
Men, Xalq deputatlari Zarbdor tuman Kengashi kotibiyati bosh mutaxassisi sifatida o‘z faoliyatimni halollik, mas’uliyat va xalq ishonchini oqlash tamoyillari asosida davom ettirishni sharaf deb bilaman.
Korrupsiya — taraqqiyot yo‘liga to‘siq,
Halollik — millatning eng buyuk poydevoridir.

Xalq deputatlari Zarbdor tuman Kengashi
kotibiyati bosh mutaxassisi
To'rayev Husan Kushmamat o'g'li 

Slide 1 of 1