Bandixon tumanida deputatlik nazorati: 9-sonli DMTTda bolalar ovqatlanishi sifati ko‘rib chiqildi
Bandixon tumanida maktabgacha ta’lim muassasalarida tarbiyalanuvchilarning sog‘lom ovqatlanishini tashkil etish, sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilinishini ta’minlash va bolalar salomatligini asrash borasida izchil deputatlik nazorati amalga oshirilmoqda.
Xalq deputatlari Bandixon tumani Kengashi deputati I.Xalmatov tumandagi 9-sonli Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida bo‘lib, o‘rganish ishlarini olib bordi.
Monitoring davomida muassasada tasdiqlangan kunlik taomnomaning davlat standartlariga muvofiqligi, oziq-ovqat mahsulotlarining sifat sertifikatlari, ularning saqlanish sharoitlari hamda oshxona blokining sanitariya-epidemiologik holati tahlil qilindi. Tashrif yakunida aniqlangan masalalar yuzasidan taomlar sifatini yanada oshirish va ovqatlanish ratsionini qat’iy nazoratda ushlab turish bo‘yicha muassasa mas’ullariga tegishli ko‘rsatmalar berildi.