Xalq deputatlari Ishtixon tuman Kengashi deputati M.Raximov hududda tibbiy xizmat sifatini oshirish maqsadida o‘z saylov okrugidagi Bo‘ston mahallasida joylashgan 21-son oilaviy poliklinika binosini yangitdan qurish ishlari yuzasidan o‘rganish olib bordi.
O‘rganish jarayonida aniqlanishicha, poliklinikaning eski binosi qurilish sifatiga javob bermasligi sababli buzilib, uning o‘rnida yangi bino qurish zarurati yuzaga kelgan. Bu esa hududda aholiga qulay sharoit yaratish va tibbiy xizmatni yanada samarali ta’minlash uchun muhim qadam hisoblanadi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-dekabrdagi PQ-393-sonli Qarori asosida poliklinikani rekonstruksiya qilish, qo‘shimcha 50 qatnovli bino qurish va uni 1-tip OPga moslashtirish ishlari rejalashtirilgan. Yangi bino qurilishi orqali aholiga sifatli va xavfsiz tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyati kengayadi.
Mazkur o‘rganishlar Ishtixon tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlarni manzilli tekshirish, amaliy ishlar samaradorligini baholash va nazoratni kuchaytirish maqsadida amalga oshirildi. Shu orqali hududda tibbiyot sohasini rivojlantirish, aholining sog‘lig‘i va qulay sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha amaliy ishlar tizimli tarzda olib borilmoqda.
Natijada deputat tomonidan olib borilgan o‘rganishlar mahallada tibbiy xizmat sifatini oshirishga qaratilgan rejalar va loyihalarning joriy etilishi yuzasidan aniq xulosalar berish imkonini yaratdi. Bu esa hududdagi sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish va aholiga qulay sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.