Янгиликлар

ZUHRO MAHALLASIDA YANGI QIYOFA — DEPUTATLAR E’TIBORIDA

Prezidentimizning joriy yil 27–28-aprel kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida Marg‘ilon shahridagi 15-Zuhro saylov okrugidagi og‘ir toifaga kiritilgan “Zuhro” mahallasida keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. “Obod mahalla, obod ko‘cha, obod uy” tamoyili asosida hudud infratuzilmasi yangilanib, aholining munosib turmush kechirishi uchun qulay sharoitlar yaratildi.

Mahallaning yangilangan qiyofasiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, Xalq deputatlari Farg‘ona viloyati Kengashi raisi X.Komilov, Xalq deputatlari Marg‘ilon shahar Kengashi raisi O.Axmatshayev boshchiligidagi shahar Kengashi deputatlari, shahar va tuman hokimlarining o‘rinbosarlari, O‘zbekiston mahallalari uyushmasining hududiy bo‘limlari rahbarlari, nuroniylar, yoshlar, jamoatchilik vakillari hamda mahalla aholisi ishtirok etdilar.

Tadbir davomida dastlab hududda amalga oshirilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari ko‘zdan kechirildi. Yangilangan infratuzilma, obod ko‘chalar va aholi uchun yaratilgan sharoitlar mahalla hayotida yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlarning amaliy ifodasi sifatida namoyon bo‘ldi.

Mazkur tadbirda Xalq deputatlari Marg‘ilon shahar Kengashi raisi O.Axmatshayev boshchiligidagi deputatlarning ishtiroki mahallalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, hududlarni rivojlantirish va aholi turmush sifatini yaxshilash masalalari mahalliy Kengash faoliyatida ham muhim o‘rin tutishini ko‘rsatdi.

Zero, deputatlik faoliyatining asosiy mezoni — hududdagi o‘zgarishlarni kuzatish, aholini qiynayotgan masalalarga e’tibor qaratish, belgilangan vazifalar ijrosini nazorat qilish hamda fuqarolar manfaatlarini ta’minlashga ko‘maklashishdir. Shu ma’noda, “Zuhro” mahallasida amalga oshirilgan ishlar deputatlar uchun hudud rivoji va aholi farovonligini ta’minlash borasidagi amaliy natijalar bilan tanishish imkonini berdi.

Tashrif doirasida Marg‘ilon shahridagi mahallalarda faoliyat yuritayotgan hunarmandlar va tadbirkorlar mahsulotlari ko‘rgazmasi ham ko‘zdan kechirildi. Unda mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mehnat mahsullari, tadbirkorlik salohiyati va hunarmandchilik an’analari namoyish etildi. Bu kabi tashabbuslar mahalliy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, milliy hunarmandchilikni rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlashning muhim omillaridan hisoblanadi.

Shuningdek, mahalla hududida joylashgan viloyat futbol maktabiga qarashli “Mehnat” o‘yingohi to‘liq ta’mirlanib, yosh futbolchilar uchun zarur sharoitlar yaratildi. Sport infratuzilmasining yaxshilanishi yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb qilishga xizmat qiladi.

“Zuhro” mahallasida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari hududlarni kompleks rivojlantirish, aholi uchun qulay muhit yaratish va mahallalarning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlarning amaliy natijasidir.

Endilikda muhim vazifa — yaratilgan sharoitlarni asrab-avaylash, amalga oshirilgan ishlarning samaradorligini ta’minlash va aholi ehtiyojlarini muntazam o‘rganib borishdir. Bu jarayonda mahalliy Kengash deputatlarining tashabbuskorligi, jamoatchilik bilan hamkorligi va deputatlik nazoratining izchil yo‘lga qo‘yilishi alohida ahamiyat kasb etadi.

Slide 1 of 7