Янгиликлар

Deputatlik so‘rovi yuborildi

Xalq deputatlari Qo‘qon shahar Kengashi komissiya raisi, deputat M.Aminova tomonidan yurak jarrohlik amaliyotini boshidan o‘tkazgan fuqaroning tibbiy reabilitatsiyasini ta’minlash va nogironlikni belgilash masalasini qayta ko‘rib chiqish yuzasidan navbatdagi deputatlik so‘rovi yuborildi.

️Saylovchilar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar hamda bevosita joyiga chiqib o‘rganishlar davomida “Misgarlik” mahallasi, Baynalminal ko‘chasi, 15-uyda yashovchi fuqaro Ramzxon Abdullayev murojaati o‘rganildi. Fuqaro o‘z murojaatida yurak jarrohlik amaliyotini boshidan o‘tkazgani, biroq noma’lum sabablarga ko‘ra unga avval belgilangan nogironlik maqomi bekor qilinganini ma’lum qilgan. Mazkur holatni atroflicha o‘rganish va fuqaroning qonuniy huquq hamda manfaatlarini ta’minlash maqsadida deputat tomonidan Qo‘qon shahar Tibbiyot birlashmasi boshlig‘i K.Sirojiddinov nomiga deputatlik so‘rovi yuborildi.

Deputatlik so‘rovida fuqaro Ramzxon Abdullayevni qayta tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, uning salomatlik holatini har tomonlama baholash hamda qonunchilikda belgilangan tartibda nogironlikni tayinlash masalasini qayta ko‘rib chiqish so‘ralgan.

Shuningdek, so‘rovda fuqaroning sog‘lig‘ini tiklash, zarur tibbiy reabilitatsiya choralarini tashkil etish hamda unga tegishli tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyatlarini o‘rganish yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish talab qilingan.

Mazkur masala deputat nazoratiga olingan bo‘lib, qonunchilikda belgilangan 10 kunlik muddatda deputatlik so‘roviga javob taqdim etilishi hamda fuqaroning murojaati yuzasidan ko‘rilgan choralar va erishilgan natijalar haqida qo‘shimcha ma’lumot berib boriladi.

Xalq deputatlari Qo‘qon shahar Kengashi

Slide 1 of 2