Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashining 15-Tuproqqo‘rg‘on saylov okrugi deputati D.Toshboyeva hamda Kengash kotibiyati bosh mutaxassisi R.Mamashukurov “Tuproqqo‘rg‘on” mahallasida bo‘lib, hududdagi mavjud muammolarni mahalla faollari va mas’ullari ishtirokida atroflicha o‘rgandilar.
Mazkur nazorat-tahlil va muloqot jarayoni mahalliy Kengash deputatlari faoliyati uchun belgilangan “24 ta eng muhim yo‘nalish” mezonlari asosida tashkil etildi.
O‘rganishlar davomida:
Mahalla aholisining murojaatlari hamda ijtimoiy-maishiy masalalari yuzma-yuz eshitildi;
Hududdagi ta’mirtalab infratuzilma obyektlari, ko‘chalar va obodonlashtirish bo‘yicha mavjud kamchiliklar bevosita ko‘zdan kechirildi;
Mahalla vakillari bilan birgalikda aholi muammolarini hal etish va "yettilik" hamkorligini yanada kuchaytirish masalalari tahlil qilindi.
Joyida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida aniqlangan barcha kamchiliklar hamda fuqarolar tomonidan ko‘tarilgan dolzarb masalalar deputat D.Toshboyevaning “Murojaat daftari”ga batafsil qayd etildi.
Ushbu muammolarni o‘z vaqtida hamda sifatli bartaraf etish bo‘yicha tegishli davlat tashkilotlari va mutasaddi idoralarga rasmiy deputatlik so‘rovlari yuborilishi hamda ijrosi qat’iy nazoratga olinishi belgilab olindi.