Янгиликлар

DAVLAT XIZMATLARI MARKAZIDA AHOLIGA KO‘RSATILAYOTGAN XIZMATLAR SIFATI O‘RGANILDI

Xalq deputatlari Parkent tuman Kengashiga 4-“Bo‘ston” saylov okrugidan saylangan deputat Usipxodjayev Yerlan Ormanovich tomonidan jamoatchilik asosida o'rganish olib borildi. O‘rganish jarayonida fuqarolarning ko‘chmas mulk bilan bog‘liq masalalar hamda haydovchilik guvohnomasini olish yuzasidan murojaatlari salmoqli ekani aniqlandi.
Ushbu yo‘nalishlarda murojaatchilarga zarur huquqiy tushuntirishlar berilib, tegishli davlat xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha amaliy ko‘mak ko‘rsatilayotgani qayd etildi.

💼 TADBIRKORLAR UCHUN HAM TEZKOR XIZMATLAR
Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish xizmati “15 daqiqada” tamoyili asosida tashkil etilgani, elektron davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari esa tobora kengayib borayotgani ma’lum qilindi.
Bunday xizmatlarning tezkor va elektron shaklda ko‘rsatilishi tadbirkorlarning vaqtini tejash, ish jarayonlarini soddalashtirish hamda davlat xizmatlaridan foydalanishni yanada qulaylashtirishga xizmat qilmoqda.
FUQAROLAR UCHUN QULAY SHAROITLAR YARATILGAN
O‘rganish davomida markazda murojaatchilar uchun zamonaviy talablarga mos kutish zallari, ona va bolalar uchun alohida xonalar hamda davlat xizmatlaridan qulay foydalanish imkonini beruvchi zarur shart-sharoitlar ham ko‘zdan kechirildi.
Qulay kutish hududlari va xizmat ko‘rsatish jarayonining tartibli tashkil etilgani markazga murojaat qilayotgan fuqarolar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratmoqda.
ELEKTRON XIZMATLARDAN FOYDALANISH IMKONIYATLARINI KENGAYTIRISH — MUHIM VAZIFA
O‘rganish yakunida aholiga davlat xizmatlarini yanada tezkor, qulay va sifatli yetkazish, elektron xizmatlar ko‘lamini kengaytirish hamda fuqarolarning raqamli xizmatlardan foydalanish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish yuzasidan tegishli takliflar bildirildi.
Xususan, olis va chekka hududlarda sayyor davlat xizmatlarini tashkil etish, yoshlar va aholi o‘rtasida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan foydalanishni keng targ‘ib qilish, bu borada “mahalla yettiligi” bilan hamkorlikni kuchaytirish hamda fuqarolarga elektron davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanish bo‘yicha amaliy tushuntirishlar berish zarurligi ta’kidlandi.
Markaz faoliyatining asosiy maqsadi — fuqaroga qulay, tezkor va sifatli xizmat ko‘rsatish.
O‘rganish davomida davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlarini yanada takomillashtirish, murojaatchilar uchun yaratilgan qulayliklarni kengaytirish, raqamli xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini oshirish hamda aholining davlat xizmatlaridan foydalanish madaniyatini rivojlantirish muhimligi qayd etildi.
➡️Aholiga qulaylik yaratish, xizmatlar sifatini oshirish, vaqtni tejash va zamonaviy raqamli imkoniyatlardan samarali foydalanish — davlat xizmatlari tizimini rivojlantirishning muhim yo‘nalishlaridandir.

Slide 1 of 4