Bugun, 25-iyul kuni, xalq deputatlari Mirobod tumani Kengashida “Mahalliy Kengashlar faoliyatini namunali tashkil etishning ustuvor yo‘nalishlari: muammo va yechimlar” mavzusida o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbir Oliy Majlis Senatining mahalliy hokimiyat va vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasi tashabbusi hamda Senat devoni huzuridagi Hududiy vakillik organlari faoliyatini o‘rganish markazi hamkorligida tashkil etildi.
Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari — senatorlar Marufova Gulnora Maxmudovna va Kalanov Rustam Abduxakimovich, tuman Kengashi deputatlari va kotibiyat xodimlari, siyosiy partiyalar vakillari, soha mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda deputatlar xalq deputatlari Mirobod tumani Kengashining ijobiy tajribasi bilan tanishtirildi. Jumladan, ishtirokchilar mahalliy Kengash faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha erishilgan natijalar: xususan, mahalliy byudjet va iqtisodiy islohotlar, korrupsiyaga qarshi kurash, ijtimoiy soha, yoshlar siyosati, madaniyat va sport, ekologiya, qurilish va sanoat yo‘nalishlarida doimiy komissiyalar faoliyatini muhokama qildilar.
Shuningdek, huquqiy va uslubiy qo‘llab-quvvatlash, qarorlar qabul qilishda qonuniylik, Kengashlar tomonidan mahalliy budjetni va hududlarni rivojlantirish dasturlarini shakllantirish hamda ijrosini nazorat qilish, ijro organlari bilan hamkorlik hamda rejalashtirish va hisobot yuritish masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.
Seminar yakunida savol-javoblar va tajriba almashinuvi o‘tkazilib, ishtirokchilar uchun foydali amaliy tavsiyalar berildi.
Ushbu tadbir mahalliy Kengashlar faoliyatida samaradorlikni oshirish, shaffoflik va hisobdorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.