Kelajak – hamjihatlikda
Bugungi taraqqiyot sari qadam tashlayotgan yangi O‘zbekistonda jamiyatning barcha qatlamlari o‘rtasidagi hamjihatlik, o‘zaro hurmat va hamkorlik tamoyillari orqali barqaror kelajakni ta’minlash masalasi dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Zero, yurt ravnaqi, jamiyat osoyishtaligi va fuqarolar farovonligi avvalo xalqning birdamligi, birlashgan maqsad sari intilishi bilan bog‘liqdir.
Shu ma’noda, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan "Inson qadri uchun" tamoyili nafaqat davlat siyosatining asosiy mezoni, balki har bir rahbar va xalq vakilining kundalik faoliyatida ustuvor yo‘nalish bo‘lib xizmat qilmoqda. Jumladan, shaharimizdagi islohotlar, obodonlashtirish ishlari, ijtimoiy sohaga qaratilgan e’tibor va keng ko‘lamli loyihalarning amalga oshirilishi ham xalq vakillari hamda jamoatchilik o‘rtasidagi yaqin hamkorlik samarasidir.
Faoliyatim davomida doimo bir narsani anglab yetdim: har qanday tashabbus, har qanday o‘zgarish — u xalq bilan birgalikda, xalq manfaatini ko‘zlab amalga oshirilganda samarali bo‘ladi. Shu boisdan, har bir mahallada, har bir sohada yuz berayotgan o‘zgarishlarga fuqarolarni jalb etish, ularning fikrini inobatga olish, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash – mening deputat sifatidagi asosiy vazifalarimdan biridir.
Aynan shu yo‘l orqali biz hamjihat, birdam va olib borilayotgan islohotlarga ishonch bilan qaraydigan jamiyatni shakllantiramiz. Mahalladagi muammoni bartaraf etish, yoshlarga yangi imkoniyatlar yaratish, keksa avlodga e’tibor berish, ta’lim va tibbiyot sohasidagi o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlash – bularning barchasi jamoa bo‘lib amalga oshirilganda, natija sezilarli va bardavom bo‘ladi.
Shu nuqtai nazardan kelib chiqib ayta olamanki, kelajagimiz aynan hamjihatlikda, xalq bilan yelkadosh bo‘lib ishlashda, bir maqsad sari harakat qilishdadir. Biz birdam bo‘lsak, hech qanday to‘siq bizga to‘sqinlik qilolmaydi. Birlik va hamfikrlik – barcha muvaffaqiyatlarimizning kafolatidir.
Ishonchim komilki, barchamiz o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik va tinchlikni qadrlab, kelajak avlod uchun munosib yurt barpo etish yo‘lida yanada faol harakat qilamiz. Chunki biz birgami? Demak, biz kuchlimiz!
Xalq deputatlari Navoiy shahar Kengashi deputati
Mirzayev Alisher Umirzoqovich