O‘zbekiston – Sloveniya hamkorligi doirasi qator kelishuvlar amalga oshirildi.
Davlatimiz rahbarining Sloveniya Respublikasiga rasmiy tashrifi davomida bir qator yirik hamkorlik loyihalari va istiqbolli rejalar amalga oshirildi. Xususan, ishlab chiqarish, tovar ayirboshlash, madaniyat va turizm sohalaridagi hamkorlik kelishuvlari o‘rnatishga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekistondan to‘qimachilik, meva-sabzavotlar, mineral o‘g‘itlar, mis mahsulotlari va boshqa sanoat tovarlari, Sloveniyadan esa dori-darmonlar, ilg‘or texnologiyalar va zamonaviy asbob-uskunalar, sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, farmasevtika mahsulotlari, shu jumladan asal va shifobaxsh giyohlarga asoslangan dori ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, energetika ob’ektlarini qurish va modernizatsiya qilish bo‘yicha hamkorlik takliflar va loyihalar taqdim etildi. Shuningdek, mehnat migratsiyasi sohasida tizimli hamkorlik qilish uchun til, kasbiy ko‘nikmalar va mehnat standartlari bo‘yicha o‘qitish va moslashtirish dasturlarini ishlab chiqqan holda Uyushgan mehnat migratsiyasi to‘g‘risidagi bitimni tayyorlashga kelishib olindi. Turizmni, ayniqsa, qishloq va tog‘li hududlarda rivojlantirish istiqbolli yo‘nalish sifatida belgilandi. Ta’lim sohasida tomonlar diplomlarni o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi bitimni imzolashga hamda Lyublyana va Maribor universitetlari bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar. Bundan tashqari, kelgusi yilda Toshkent shahrida ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlari ishtirokida Yoshlarning innovatsion loyihalari forumi o‘tkazilishi yuzasidan o‘zaro kelishib olindi.
O‘zbekiston – Sloveniya munosabatlari kelgusida ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lgan yirik loyihalar va dasturlarni hayotga tadbiq etishda muhim ahamiyat kasb etadi.