Xalq deputatlari Qo‘qon shahar Kengashining navbatdagi sessiyasi kun tartibiga kiritilgan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-apreldagi ‘Ijtimoiy soha obyektlarining isitish tizimlarini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish to‘g‘risida’gi PQ-118-sonli qarorining shaharda ijro etilishi to‘g‘risida”gi masala yuzasidan muhokama o‘tkazildi.
Muhokamada Xalq deputatlari Qo‘qon shahar Kengashi kotibiyati mudiri A.Nosirov, shahar Iqtisodiyot va moliya bo‘limining mas’ul xodimi A.Azizov hamda davlat-xususiy sheriklik hamkori — “Uchko‘prik issiqlik qurilish montaj ta’mir” MCHJ rahbari Sh.Qalandarov ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida Prezident qarorining shaharda ijrosini ta’minlash, ijtimoiy soha obyektlarining isitish tizimlarini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va ushbu yo‘nalishdagi vazifalar yuzasidan fikr almashildi.
Ijtimoiy soha obyektlarida isitish tizimlarining samarali ishlashini ta’minlash, kuz-qish mavsumida ta’lim va boshqa ijtimoiy muassasalarda zarur harorat sharoitlarini yaratish hamda mavjud tizimlardan oqilona foydalanish mazkur qarorning muhim yo‘nalishlaridan hisoblanadi.
Muhokama yakunida mazkur masala yuzasidan Xalq deputatlari Qo‘qon shahar Kengashi qarori loyihasi ko‘rib chiqildi. Bildirilgan fikr va takliflar asosida qaror loyihasini takomillashtirish hamda sessiya muhokamasiga tayyorlash masalalariga e’tibor qaratildi.
Mazkur masalaning sessiya kun tartibiga kiritilishi shaharda ijtimoiy soha obyektlarining isitish tizimlarini modernizatsiya qilish borasidagi ishlar holatini ko‘rib chiqish va belgilangan vazifalar ijrosini tahlil qilishga qaratilgan.
Xalq deputatlari Qo‘qon shahar Kengashi