Xalq deputatlari G‘ozg‘on shahar Kengashi deputati M.Ergasheva tomonidan shahardagi “Guliston” MFYda xotin-qizlar faoli ish faoliyati joyiga chiqib o‘rganildi.
O‘rganish jarayonida mahallada xotin-qizlar bilan ishlash tizimi, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, muammolarini aniqlash va manzilli hal etish, bandligini ta’minlash hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy-tahliliy asosda ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘RQ-561-sonli Qonuni (2019-yil 2-sentabr) talablari ijrosi yuzasidan olib borilayotgan ishlar o‘rganildi. Qonun doirasida xotin-qizlarni himoya qilish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish hamda profilaktika ishlarini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘rganish davomida:
xotin-qizlar bilan individual ishlash holati;
“ayollar daftari” bilan ishlash samaradorligi;
tazyiq va zo‘ravonlik holatlarini aniqlash va oldini olish choralarining ko‘rilishi;
muammoli oilalar bilan olib borilayotgan profilaktik ishlar;
xotin-qizlarning bandligini ta’minlash va qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlari tahlil qilindi.
Shuningdek, xotin-qizlar faolining ish yuritish hujjatlari, reja va hisobotlari, yuritilayotgan ma’lumotlar bazasi ko‘zdan kechirilib, ularning amaldagi qonunchilik talablariga muvofiqligi baholandi.
O‘rganish natijasida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, xotin-qizlar bilan ishlash samaradorligini oshirish, huquqiy targ‘ibot ishlarini kuchaytirish hamda tizim faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
Mazkur o‘rganish ishlari xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash hamda zo‘ravonlik holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.