Янгиликлар

DEPUTAT MUNOSABATI

“Yangi islohotlar qishloq hayotiga nafas, dehqon qo‘liga qudrat olib kirmoqda” 

 Yer — xalqning eng ulug‘ boyligi, dehqonning non-quvvati, yurtimiz taraqqiyotining poydevoridir. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning qishloq xo‘jaligida yerdan samarali foydalanish bo‘yicha yangi tashabbuslari – aynan shu muqaddas boylikni asrab-avaylash va undan oqilona foydalanishga qaratilgan tarixiy qadamdir. 

Eng muhimi, bo‘sh yerlar inson omilisiz elektron auksion orqali taqsimlanadi. Bu – korrupsiyaga qarshi dadil qadam, adolat va ishonch mezonidir. 

Yangi tizimda fermer yerdan kengroq foydalanish huquqiga ega bo‘lmoqda. Endi u yerning bir qismini o‘zida saqlab qolib, qolganini boshqa ijarachiga berish imkoniyatiga ham ega bo‘ladi. Ilgari yer davlatga qaytarilib, yana auksionga chiqarilsa, endi esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishonchli qo‘lda qoladi. Bu — mehnatkashga ishonch, dehqonga e’tiborning amaliy ifodasi. 

Yana bir tarixiy yangilik – qishloq xo‘jaligi yerlarida infratuzilma qurishga ruxsat berilishi. Endi bog‘bon o‘z bog‘ida mevani saqlaydigan muzlatkichli ombor qurishi, chorvador esa yaylovda chorva uchun zamonaviy inshoot barpo etishi mumkin. Bu – dehqonga qo‘shimcha kuch, qishloqqa zamonaviy nafas, iqtisodiyotga barqaror quvvat. 

Biz, deputatlar, bu islohotlarni chuqur qo‘llab-quvvatlaymiz. Chunki bu o‘zgarishlar xalqimiz hayotini tubdan yangilaydi, qishloqda yashaydigan insonning mehnatiga haqqoniy qiymat beradi. 

Shubhasiz ayta olamiz:  

“Yerdan oqilona foydalanish – bu dehqonning umidi, xalqning farovonligi va yurtimizning barqaror taraqqiyotidir!” 

  Shavkatjon Muqumov Xalq deputatlari Oqoltin tuman Kengashi deputati