Marg‘ilon shahrida fuqarolarning muammolarini joyiga chiqib o‘rganish amaliyoti davom etmoqda. Jumladan, Marg‘ilon shahar Kengashi deputatlari A.Ermatov va N.Akbarova tomonidan "Zuhro" mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi fuqaro murojaati asosida joyiga chiqildi.
Murojaatni shahar Kengashi deputatlariga "Zuhro" ko‘chasi 37/3-uyda yashovchi 1959-yilda tug‘ilgan Sulaymonova Dilbarxon yo‘llagan. Fuqaro o‘z murojaatida yashab turgan xonadoni oldida qurilgan bir xonali ayvoni noqonuniy deb topilib, buzilishi mumkinligi haqida tashvishini bildirgan hamda uni buzilishdan saqlab qolish masalasida yordam so‘ragan.
Deputatlar murojaat bo‘yicha holatni joyida ko‘zdan kechirishdi va fuqaroning fikr-mulohazalarini tinglashdi. O‘rganish natijasida bu masalada aniq xulosa chiqarish uchun tegishli mutasaddi tashkilotlarga murojaat qilish, huquqiy va me’yoriy jihatlarni chuqur o‘rganish zarurligi ta’kidlandi.
Deputatlar ushbu masalani befarq qoldirmaslik, fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shu bilan birga qurilish va arxitektura qoidalariga rioya etilishi tarafdori ekanliklarini bildirib o‘tishdi.