Янгиликлар

“Abdulla Avloniy” mahallasida jinoyatchilikning oldini olish choralari o‘rganildi

Termiz shahrida mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarning oldini olish, shuningdek, ularni keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni barvaqt aniqlashga qaratilgan deputatlik nazorati tadbirlari izchil davom ettirilmoqda.

Shu doirada Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashi raisi, 9-“Abdulla Avloniy” saylov okrugi deputati D.Normuradova, Kengash kotibiyati mudiri, deputat A.Ashurov hamda kotibiyat bosh mutaxassisi R.Mamashukurov tomonidan “Abdulla Avloniy” mahallasida jinoyatchilikning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi.
O‘rganish davomida mahalladagi kriminogen vaziyat, huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar samaradorligi hamda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha mas’ul tashkilotlar tomonidan olib borilayotgan ishlar tahlil qilindi.

Alohida e’tibor jinoyatchilik xavfi yuqori bo‘lgan “qizil” va “sariq” toifadagi hududlarda profilaktika ishlarini kuchaytirish, huquqbuzarliklarga olib kelishi mumkin bo‘lgan omillarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish, profilaktik hisobda turuvchi fuqarolar bilan manzilli ishlash masalalariga qaratildi.

Shuningdek, mahalla faollari, profilaktika inspektori va tegishli mutasaddi tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida huquqiy targ‘ibot tadbirlarini kuchaytirish hamda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish mexanizmlarini takomillashtirish muhimligi ta’kidlandi.

O‘rganish yakunlari bo‘yicha hududda kriminogen vaziyatni yaxshilash, aniqlangan muammolarni bartaraf etish, xavf guruhiga kiruvchi fuqarolar bilan individual ishlashni kuchaytirish hamda jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha mas’ullarga tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi. Mazkur yo‘nalishdagi ishlarning samaradorligini oshirish va belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash masalalari deputatlik nazoratida bo‘ladi.

Maqsad — har bir mahallada xavfsiz muhit yaratish, fuqarolar osoyishtaligini ta’minlash va jinoyatchilikning oldini olishda manzilli hamda samarali yondashuvni qaror toptirish.