“Sharq ayoli ma’rifati”: xotin-qizlar o‘rtasida giyohvandlikka qarshi targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi
Xotin-qizlar o‘rtasida giyohvandlikning oldini olish, zararli illatlarga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirish hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida Termiz tumani hokimligi tomonidan “Sharq ayoli ma’rifati” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda tuman Oila va xotin qizlar bo‘limi boshlig‘i Ma’rifat Rasulova, Xalq deputatlari tuman Kengashi kotibiyati, tuman ichki ishlar bo‘limi mas’ullari ayol zotiga hurmat va ehtirom tuyg‘ularini yuksaltirish, Sharq ayolining tarixiy va bugungi jamiyatdagi o‘rnini keng targ‘ib qilish, yoshlarni milliy qadriyatlar, odob-axloq, ilm-ma’rifat va ezgulik ruhida tarbiyalash masalalarida ma’ruza qildi.
Muloqot davomida giyohvandlikning inson salomatligi, oila farovonligi va jamiyat hayotiga salbiy ta’siri haqida so‘z yuritildi. Ayniqsa, xotin-qizlarning bunday illatga aralashib qolishining oldini olish, ularning huquqiy savodxonligini oshirish va zararli ta’sirlarga nisbatan murosasiz munosabatini shakllantirish muhimligi ta’kidlandi. Hayotiy misollar orqali giyohvandlik bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning ayanchli oqibatlari tushuntirildi.
Shuningdek, Sharq ayolining yuksak ma’naviy fazilatlari, oila va jamiyat hayotidagi beqiyos o‘rni, ilm-fan va ma’rifat rivojiga qo‘shgan hissasi haqida fikr-mulohazalar bildirildi.
Tadbir yakunida yoshlarni sog‘lom turmush tarziga amal qilishga, milliy qadriyatlarga sodiq bo‘lishga, ilm olish va jamiyat hayotida faol ishtirok etishga undovchi fikrlar ilgari surildi.