“NURAFSHON” MFY HUDUDIDAGI KO‘P QAVATLI UYLAR VA BOSHQARUV KOMPANIYALARI FAOLIYATI O‘RGANILDI
Xalq deputatlari Namangan shahar Kengashi deputati
Sh. G‘afforova hamda Kengash kotibiyati bosh mutaxassisi
A. Nurmatov tomonidan “Ko‘chama-ko‘cha” o‘rganish ishlari doirasida “Nurafshon” mahallasi hududidagi boshqaruv kompaniyalari faoliyati samaradorligi o‘rganildi.
O‘rganish davomida ko‘p qavatli uylarning ichki yo‘laklari (kirish yo‘laklari), yerto‘lalari, uylar atrofidagi hududlarning tozaligi, obodonlashtirilishi va yoritilish holati ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, umumiy foydalanish joylarini saqlash, sanitariya holatini yaxshilash hamda aholiga ko‘rsatilayotgan boshqaruv xizmatlari sifatiga e’tibor qaratildi.
Mazkur o‘rganish deputatlik faoliyatining 8-yo‘nalishi — ichki yo‘llar, ko‘cha yoritilishi va hududlarni obodonlashtirish, shuningdek, 14-yo‘nalishi — aholini kommunal xizmatlar bilan ta’minlash bo‘yicha tavsiyalar doirasidagi vazifalar bilan hamohangdir.
Qonunlar taqsimotiga muvofiq, mazkur masalalarni o‘rganishda O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 22-iyuldagi O‘RQ-784-sonli “Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish to‘g‘risida”gi Qonuni hamda 2024-yil 7-avgustdagi O‘RQ-940-sonli “Energiya tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish to‘g‘risida”gi Qonuni tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha huquqiy asos sifatida o‘rganilishi mumkin.
Bunday o‘rganishlardan ko‘zlangan maqsad — ko‘p qavatli uy-joy fondini saqlash, umumiy foydalanish joylarida tozalik va xavfsizlikni ta’minlash, boshqaruv kompaniyalari mas’uliyatini oshirish hamda aholi uchun qulay yashash muhitini shakllantirishga ko‘maklashishdir.