“Tashabbusli byudjet” loyihalari ijrosi va loyiha hujjatlari o‘rganildi
📁 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-sentabrdagi PQ-5250-sonli “Ochiq budjet” axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida shakllangan tadbirlarni moliyalashtirishni yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda xalq deputatlari Uchtepa tumani Kengashining 2026-yil 31-martdagi III-27-27-14-202-K/26-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tumanda “Tashabbusli byudjet” jarayonining 2026-yil birinchi mavsumida “Ochiq budjet” axborot portali orqali g‘olib deb topilgan loyihalarni moliyalashtirish va amalga oshirish bo‘yicha manzilli ro‘yxat tasdiqlangan.
↗️ Mazkur qarorga asosan, jamoatchilik fikri va tashabbuslari asosida shakllangan tadbirlarni moliyalashtirish uchun tuman hokimligi huzuridagi “Fuqarolar tashabbusi jamg‘armasi”ga jami 18 mlrd. 452 mln. so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Ovoz berish yakunlariga ko‘ra 11 ta loyiha g‘olib deb topilib, ularni amalga oshirish uchun 17 mlrd 548 mln. so‘m mablag‘ ajratilgan.
📊 Qarorlar ijrosini ta’minlash, shuningdek, “Open Budjet” loyihasi doirasida g‘olib bo‘lgan obyektlarda olib borilayotgan qurilish va ta’mirlash ishlarining sifati hamda loyiha hujjatlarini o‘rganish maqsadida xalq deputatlari Uchtepa tumani Kengashining Mahalliy byudjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi Karimov Jamshid Fatxullayevich tomonidan joyiga chiqib monitoring ishlari olib borildi.
📇 O‘rganishlar davomida 2026-yil I-mavsum “Open Budjet” loyihasi g‘oliblari qatoridan joy olgan 360-sonli, 340-sonli, 604-sonli va 436-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda 1-sonli sport maktabida amalga oshirilayotgan qurilish va ta’mirlash ishlari, loyiha-smeta hujjatlari va ularning amaldagi talablarga muvofiqligi ko‘zdan kechirildi.
📆 Shuningdek, aniqlangan masalalarni muhokama qilish hamda loyiha-smeta hujjatlarini yanada takomillashtirish maqsadida Toshkent shahar hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi injiniring kompaniyasi”ga mazkur obyektlar bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqqan loyiha tashkilotlari vakillarining 2026-yil 8-iyun kuni soat 15:00 da Uchtepa tumani hokimligi binosining 8-qavatida o‘tkaziladigan yig‘ilishda ishtirok etishini ta’minlash yuzasidan murojaat yuborildi.
💬 Mazkur yig‘ilishda loyihalarning texnik yechimlari, loyiha-smeta hujjatlarining sifati, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda qurilish-ta’mirlash ishlarini o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilinadi.
✅ “Tashabbusli byudjet” doirasida amalga oshirilayotgan loyihalarning sifatli, shaffof va belgilangan muddatlarda bajarilishi xalq deputatlari Uchtepa tumani Kengashi deputatlari hamda mahalliy ijro hokimiyati organlarining doimiy nazoratida bo‘lib qoladi.