Yangiliklar

So‘ngi yangiliklar

Deputat tomonidan mahallada xavfsiz muhitni ta’minlash va videokuzatuv tizimlarini o‘rnatish ishlari tanqidiy o‘rganildi

Deputat tomonidan mahallada xavfsiz muhitni ta’minlash va videokuzatuv tizimlarini o‘rnatish ishlari tanqidiy o‘rganildi

🇺🇿 Xalq deputatlari Uchtepa tumani Kengashiga Oʻzbekiston “Adolat” SDPdan saylangan “18-Bogʻiston” okrugi deputati, tuman Kengashi kotibiyati mudiri Usmanov Anvar Baxramovich tomonidan aholi murojaatlarini manzilli hal etish, hududlarda mavjud muammolarni joyida o‘rganish hamda ularni bartaraf etish maqsadida Bogʻobod mahallasida navbatdagi o‘rganish ishlari olib borildi.

🗂 Mazkur o‘rganish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 7-dekabrdagi PQ–4913-son "Davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga xususiy sektorni jalb etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 20-sentabrdagi 588-son "Mahallalarda jamoat tartibini saqlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirildi.

💼 O‘rganishda Uchtepa tumani Kengashi kotibiyatining bosh mutaxassisi Zarnigor Kuziyeva, mahalla profilaktika inspektori hamda mas’ul mutaxassislar ishtirok etdi.

📊 O‘rganish davomida mahallada xavfsiz muhitni yaratish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida o‘rnatilishi belgilangan videokuzatuv kameralari holati tanqidiy tahlil qilindi. Aniqlanishicha, mahalla hududiga 170 tadan ortiq videokuzatuv kameralarini o‘rnatish uchun davlat byudjetidan 352 million so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgan bo‘lishiga qaramay, bugungi kunga qadar mazkur ishlar to‘liq yakuniga yetkazilmagan.

🖋️ O‘rganish jarayonida mazkur holat yuzasidan buyurtmachi tashkilot tomonidan o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalar belgilangan muddatlarda bajarilmayotgani, shuningdek, ushbu ishlar ustidan boshqaruv servis kompaniyasi tomonidan yetarli darajada nazorat olib borilmagani keskin tanqid qilindi. Holat yuzasidan buyurtmachi tashkilot va pudratchi tashkilot mas’ullari bilan telefon orqali bog‘lanilib, mavjud kamchiliklarning kelib chiqish sabablari muhokama qilindi hamda barcha kamchiliklarni bartaraf etish va videokuzatuv tizimini to‘liq ishga tushirish bo‘yicha aniq muddatlar belgilandi.

↗️ Deputat tomonidan davlat byudjeti mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish, ajratilgan mablag‘lar evaziga bajarilishi lozim bo‘lgan ishlarni belgilangan muddatlarda yakunlash hamda mahallada xavfsiz muhitni ta’minlash yuzasidan mas’ullarga qat’iy topshiriqlar berildi. Belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi deputatlik nazoratiga olindi.

📁 Shuningdek, o‘rganish davomida mahalla profilaktika inspektori bilan birgalikda hududdagi kriminogen vaziyat, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat xavfsizligini mustahkamlash hamda videokuzatuv tizimlarining samaradorligini oshirish masalalari ham atroflicha muhokama qilindi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 588-son qarori talablarini so‘zsiz bajarish, mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash hamda zamonaviy kuzatuv tizimlarini to‘liq ishga tushirish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri ekani alohida ta’kidlandi.

🗣 O‘rganish yakunida aniqlangan kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish, mas’ul tashkilotlar faoliyatini kuchaytirish hamda bajarilayotgan ishlar yuzasidan deputatga muntazam axborot taqdim etib borish belgilandi. Belgilangan muddatlarda ishlar yakunlanmagan taqdirda, mas’ul tashkilotlar va mansabdor shaxslarning javobgarligi amaldagi qonunchilik asosida ko‘rib chiqilishi qayd etildi.

✅ Mazkur masala deputatlik nazoratiga olinib, uning ijrosi bo‘yicha nazorat tadbirlari izchil davom ettiriladi.

Slide 1 of 5